Eron terma jamoasi murabbiyi: "Bizni Jahon chempionatidagi eng bosim ostidagi jamoa deb atash mumkin"
Eron milliy futbol jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi o‘z jamoasini "Jahon chempionatidagi eng ko‘p ta’qib qilinayotgan jamoa" deb atadi. Uning da’vo qilishicha, dushanba kuni Yangi Zelandiyaga qarshi bo‘lib o‘tgan ochilish o‘yinidan so‘ng, jamoaga Los-Anjelesni zudlik bilan tark etib, Meksikadagi mashg‘ulot bazasiga qaytish buyurilgan.
G‘alenoyining so‘zlariga ko‘ra, jamoa Kaliforniyada bir tun qolib, ertasi kuni tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazishni rejalashtirgan edi, biroq o‘yin yakunlanishi bilanoq ularga darhol ketish talabi qo‘yilgan. ESPN nashriga bergan intervyusida murabbiy tarjimoni orqali shunday dedi: "Biz samolyotda juda ko‘p vaqt o‘tkazdik, tiklanish uchun imkoniyat ham berishmadi. O‘yindan so‘ng darhol: 'Sizlar zudlik bilan chiqib ketishingiz kerak', deyishdi".
G‘alenoyi jamoaga bu buyruqni aynan kim berganiga aniqlik kiritmadi. Biroq, Eron terma jamoasi sardori Mehdi Taremi o‘yindan so‘ng FIFA prezidenti Janni Infantino kiyinish xonasiga tashrif buyurganini ma’lum qildi.
"Albatta, u bizga yordam berishga harakat qilmoqda, ammo gap faqat futbol haqida emas, boshqa masalalar ham bor. Buni hamma biladi", – dedi Taremi. Uning bu so‘zlari AQSh va Eron o‘rtasidagi uzoq yillik siyosiy taranglikka ishora sifatida qabul qilinmoqda. Garchi ikki mamlakat o‘rtasidagi 100 kundan ortiq davom etgan harbiy mojaro shu hafta tinchlik bitimi bilan yakunlanishi kutilayotgan bo‘lsa-da, vaziyat hanuz murakkabligicha qolmoqda.
"Buni ochiq aytishim shart emas, chunki qayerdaligimizni va qanday vaziyatda ekanimizni o‘zingiz bilasiz", – deya qo‘shimcha qildi Taremi.
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi dastlab Jahon chempionati uchun AQShning Arizona shtati, Tuson shahrini asosiy bazasi sifatida tanlagan edi. Biroq, logistika va viza muammolari tufayli jamoa may oyi oxirida o‘z qarorgohini Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.











