Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi: «Livan bilan Eron jabhalari ma’lum ma’noda bir -biriga bog‘liq va o‘zaro qaram holga keldi. Eron Islom Respublikasi Livandagi urushning tugatilishini Eron bilan bog‘liq urushni yakunlashning muhim sharti sifatida ko‘rdi», — dedi.
Aroqchi seshanba kuni (16.06.2026) poytaxt Tehronda xalqaro diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘zga chiqib: «Urushni to‘xtatganimizga qaraganda Livandagi urush ham tugaydi», — dedi va Livandagi sulhni AQSh bilan yaqinda e’lon qilingan kelishuvning «ajralmas qismi» siftida baholadi.
Eronlik vazirning ma’lum qilishicha, AQSh va Isroil bilan 28 - fevral kuni boshlangan urush Eron vaqti bilan dushanba kuni ertalab yakun topgan. Unga ko‘ra, o‘zaro anglashuv memorandumi juma kuni rasman kuchga kiradi.
Shu bilan birga, Eronning yarim rasmiy Tasnim axborot agentligi xabariga ko‘ra juma kuni Shveysariyada boshlanadigan AQSh – Eron muzokaralari ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Aroqchining ta’kidlashicha, muzokaralarning birinchi bosqichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, dengiz qatnoviga oid cheklovlar hamda Eron infratuzilmasini urushdan keyin qayta tiklash masalalari muhokama qilinadi.
Ikkinchi bosqichda esa yadro dasturi bilan bog‘liq masalalar va sanksiyalarni bekor qilish mavzulariga e’tibor qaratiladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masalalar yakuniy kelishuv orqali hal etilishi rejalashtirilmoqda.













