TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya va Ispaniya o'rtasida mudofaa sanoati bo'yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi
Ushbu kelishuvlar Turkiya va Ispaniyadagi kichik va oʻrta mudofaa bizneslarini, asosiy pudratchilarni va taʼminot zanjirlarini bogʻlashga qaratilgan.
Turkiya va Ispaniya o'rtasida mudofaa sanoati bo'yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi
Kelishuvlar Anqara va Valensiyada o‘tkaziladigan kelgusi mudofaa va aerokosmik tadbirlari uchun asos bo‘lishi kutilmoqda. / AA

Parijdagi «Eurosatory» mudofaa yarmarkasida Turkiyaning OSTIM Mudofaa va Aviatsiya Klasteri (OSSA) hamda Ispaniya mudofaa sanoati vakillari o‘rtasida strategik hamkorlik bitimlari imzolandi. Turkiya Mudofaa sanoati kotibiyati ko‘magida tashkil etilgan marosimda kotibiyat raisi o‘rinbosari Go‘khan Uchar va soha vakillari ishtirok etdi.

Ushbu kelishuvlar doirasida ikki muhim hujjat imzolandi:

  • Ko‘rgazma hamkorligi: «Next Generation Fairs» bosh direktori Erdal Usta va «Feria Valencia» bosh direktori Mariano Clemente o‘rtasida imzolangan protokol ikki mamlakatning ko‘rgazma va soha tadbirlaridagi tajribasini birlashtirishni ko‘zda tutadi.

  • Sanoat hamkorligi: OSSA raisi Ibrohim Yarsan va Valensiya sanoat vaziri o‘rinbosari Felipe Karrasko tomonidan imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi turk va ispan mudofaa ekotizimlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Bitim kichik va o‘rta korxonalar hamda asosiy pudratchilar integratsiyasini tezlashtirish, ta’minot zanjirlari, texnologiya transferi va qo‘shma ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishni maqsad qiladi.

Ibrohim Yarsanning ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik xalqaro bozorga chiqish uchun muhim strategik qadam bo‘lib, kichik va o‘rta korxonalarimizni Ispaniyaning global ta’minot zanjirlari bilan yanada dinamik integratsiya qilishga xizmat qiladi. U bu hamkorlik nafaqat tijoriy aloqalarni, balki texnologiya va qo‘shma ishlab chiqarish uchun uzoq muddatli ko‘prikni yaratishini qayd etdi.

Hamkorlik doirasidagi dastlabki tadbirlar quyidagicha belgilandi:

  • 14–16-oktabr: Anqarada “IDA Türkiye Industrial Cooperation Days in Defence and Aerospace” tadbiri.

  • 2027-yil 22–24-sentabr: Valensiyada “IDA Spain Cooperation Days in Defence and Aerospace” tadbiri.

Ushbu qadamlar har ikki davlatning mudofaa va aviatsiya sanoati bozoridagi ulushini oshirish hamda texnologik salohiyatini mustahkamlashga ko‘maklashadi.