AQSh va Eron o‘rtasida yangi kelishuv imzolanganidan so‘ng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda, Isroilning Diaspora ishlari va antisemitizmga qarshi kurash vaziri Amixay Chikli yangi geosiyosiy o‘q shakllanayotganini ta’kidladi.
Isroil hukumati a’zolaridan biri bo‘lgan Chikli AQSh va Eron o‘rtasida e’lon qilingan yangi kelishuvning shakllanishida rol o‘ynagan “Turkiya–Qatar–Pokiston o‘qi”ning kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. U mazkur kelishuv Isroil nuqtai nazaridan tashvish uyg‘otayotganini aytdi.
Mazkur voqea fonida Netanyaxuga nisbatan mamlakat ichidagi tanqidlar ham kuchaydi. Netanyaxu Isroilning AQSh–Eron muzokaralari jarayonidan chetda qoldirilganini tan olgan edi.
Xabarlarda, shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Trampning ham Netanyaxudan uzoqlashayotgani va Livandagi harbiy operatsiyalar sababli uni tanqid qilgani qayd etildi.
Kelishuv “ necha hafta davom etgan mintaqaviy diplomatik sa’y-harakatlardan so‘ng amalga oshirildi. Pokiston asosiy vositachilik rolini o‘ynagan bo‘lsa, Qatar tomonlar o‘rtasida aloqa kanallarini yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shdi.
Turkiya esa jarayonga kuchli diplomatik ko‘mak berdi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mazkur kelishuvni Isroil hujumlari sabab yuzaga kelgan mintaqaviy mojarolarga barham berish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ham kelishuvni mamnuniyat bilan qarshi olganini bildirib, uning mintaqada barqaror xavfsizlik me’morchiligini shakllantirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Prezident Erdo‘g‘on Isroilning G‘azo, Livan va Suriyaga qaratilgan hujumlarini yana bir bor keskin tanqid qilib, nazorat qilinmayotgan Isroil tajovuzkorligi mintaqaviy barqarorlik hamda Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid solayotganidan ogohlantirdi.







