Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: «Turkiya asri sari borayotgan yo‘lda hech kimning maqsadlarimizdan chalg‘itishiga, ruhiyatimizni susaytirishiga va birdamligimizga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymaymiz» - dedi.
Prezident Erdo‘g‘an Anqara aeroporti hamda unga tutash avtomobil yo‘llarining ochilish marosimida so‘zga chiqdi.
U Anqaraning 25 tumanida istiqomat qilayotgan fuqarolarga salom va ezgu tilaklarini yo‘llar ekan, bugun foydalanishga topshirilayotgan mazkur loyihalar, avvalo Anqara shahri, shuningdek mamlakat, xalq va aviatsiya sohasi uchun manfaatli bo‘lishini tiladi.
Prezident mazkur loyihaning rejalashtirish va qurilish bosqichlarida ishtirok etgan Transport va infratuzilma vazirligi, Milliy mudofaa vazirligi, Davlat aeroportlari Bosh boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi, pudratchi kompaniyalar hamda loyiha amalga oshirilishiga hissa qo‘shgan barcha mutaxassislarni tabrikladi.
«Ushbu inshootlarning bunyod etilishida mehnat qilgan ishchilarimizga, me’morlarimizga, muhandislarimizga va barcha hamkasblarimizga o‘zim va xalqim nomidan minnatdorlik bildiraman» - dedi Erdo‘g‘an.
«Anqaraning diplomatik markaz sifatidagi mavqei tobora mustahkamlanmoqda»
Prezidentning ta’kidlashicha, 2026 - yil Turkiya uchun turli sohalarda xalqaro sammit va yirik tadbirlar yili bo‘lib qolmoqda.
«Turkiya asri sari borayotgan yo‘lda hech kimning bizni maqsadlarimizdan chalg‘itishiga, ruhiyatimizni susaytirishiga va birdamligimizni buzishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz nafaqat 86 million fuqaromiz, balki taqdirini Turkiya taqdiri bilan bog‘laydigan millionlab birodarlarimizning porloq kelajagi uchun mehnat qilmoqdamiz» - dedi u.
Erdo‘g‘an 5 – 7 iyun kunlari Istanbulda dunyoning 183 mamlakatidan 5 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan “Nol chiqindi” forumining muvaffaqiyatli o‘tkazilganini yodga soldi.
Shuningdek, oktabr oyida 77 - Xalqaro kosmik kongress va Turkiy davlatlar tashkilotining 13 - Liderlar sammiti, noyabr oyida esa dunyoning 197 mamlakati nomidan 100 ming nafardan ortiq ishtirokchi kutilayotgan BMTning 31 - Iqlim o‘zgarishi konferensiyasi Turkiyada o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 7 – 8 iyul kunlari NATO tarkibidagi davlatlarning liderlari sammitiga ham Anqara mezbonlik qiladi.
«Turkiyaning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borar ekan, Anqaraga tashrif buyurayotgan xorijiy delegatsiyalar soni ham yil sayin ko‘paymoqda. To‘rt soatlik parvoz masofasida 67 mamlakat va 1,5 milliard aholi joylashgan hudud markazida o‘rin olgan Turkiya bugun Anqara, Istanbul va Antaliya shaharlari orqali xalqaro diplomatiyaning muhim markazlaridan biriga aylanmoqda» - dedi Erdo‘g‘an.
Esenbo‘g‘a Turkiyaning eng gavjum to‘rtinchi aeroportiga aylandi
Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning ma’lum qilishicha, to‘qqiz kunlik Qurbon hayiti ta’tili davomida mamlakat aeroportlarida jami 51 ming 962 ta aviareys amalga oshirilib, 7 million 618 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi.
Uning ta’kidlashicha, Esenbo‘g‘a aeroporti 2 ming 557 ta aviareys va 382 ming yo‘lovchi ko‘rsatkichi bilan Turkiyaning eng gavjum to‘rtinchi aeroportiga aylandi.
Prezident 20 yil avval yiliga atigi 3 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan Esenbo‘g‘a aeroporti bugungi kunda qariyb 15 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatayotganini qayd etdi.
«Yo‘lovchilar sonining ortishi, ayniqsa, aylanma yo‘l va aeroport yo‘nalishida transport tirbandligini yuzaga keltirayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Anqara aeroportining foydalanishga topshirilishi bilan Esenbo‘g‘adagi havo va avtomobil qatnovi sezilarli darajada yengillashadi» - dedi Erdo‘g‘an.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, yangi loyiha nafaqat poytaxtga yana bir muhim infratuzilma obyektini taqdim etdi, balki Turkiya aviatsiyasi tarixida muhim o‘rin tutgan inshoot ham qayta tiklandi.
Aeroport sakkiz oyda foydalanishga topshirildi
Erdo‘g‘an 1933 - yilda Mustafa Kemal Ataturkning topshirig‘i bilan qurilgan va uzoq yillar harbiy aviatsiya markazi sifatida xizmat qilgan aeroport, zamonaviy qiyofa va yangi imkoniyatlar bilan qayta tiklanganini bildirdi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, atigi sakkiz oy ichida yakunlangan. Qurilish doirasida uchish - qo‘nish yo‘lagining uzunligi 2 ming 450 metrdan 3 ming metrga, kengligi esa 42 metrdan 60 metrgacha kengaytirildi. Yo‘lak chetlari to‘liq yangilandi.
Shuningdek, uchish - qo‘nish yo‘lagining har ikki tomonida umumiy maydoni 15 ming kvadrat metr bo‘lgan burilish maydonchalari qurildi.
160 ming kvadrat metr maydonda yangi perron barpo etilib, unda bir vaqtning o‘zida 44 ta samolyotni xavfsiz joylashtirish imkoniyati yaratildi.
Prezidentning aytishicha, uchish - qo‘nish yo‘lagi, perron va taksi yo‘laklari bilan birgalikda jami 60 ming kvadrat metr qoplamali qurilish ishlari amalga oshirildi.
Barcha taksi yo‘laklari yangidan qurilib, qo‘shimcha parallel va bog‘lovchi yo‘llar bilan mustahkamlandi. Yoritish tizimlari, yaqinlashuv chiroqlari va yo‘naltiruvchi belgilar esa harbiy bo‘lmagan xalqaro aviatsiyasi tashkiloti standartlariga muvofiq modernizatsiya qilindi. Bundan tashqari, aeroport hududida 4 ming 800 kvadrat metr yopiq maydonga ega davlat mehmonxonasi hamda 310 avtomobilga mo‘ljallangan ochiq avtoturargoh qurildi.
NATO sammiti ishtirokchilari uchun maxsus transport yo‘lagi
Prezidentning ta’kidlashicha Anqara aeroporti kengaytirilgan uchish - qo‘nish yo‘lagi, yangi perronlar, zamonaviy taksi yo‘laklari va yangilangan infratuzilmasi bilan yirik samolyotlar hamda rasmiy reyslarni qabul qilishga to‘liq tayyor holga keltirildi.
Shuningdek, bugun foydalanishga topshirilgan obyektlar qatorida «Poytaxt aviatsiya ko‘prigi» va unga tutash avtomobil yo‘llari ham bor.
Uzunligi 140 metr bo‘lgan mazkur ko‘prik yuqori tezlikdagi temiryo‘l liniyasi ustidan qurilgan. Prezidentning aytishicha, og‘irligi 10 ming tonna bo‘lgan ko‘prik platformasi Turkiyada ilk bor qo‘llanilgan maxsus usul yordamida o‘rnatildi.
Bog‘lovchi yo‘lning umumiy uzunligi 12,5 kilometrni tashkil etadi. Uning 6,5 kilometri ikki yo‘nalishli, 6 kilometri esa bir yo‘nalishli standart asosida qurilgan.
«Bo‘lingan yo‘l qismidagi 3 kilometrlik bog‘lovchi yo‘l orqali NATO sammitida qatnashadigan delegatsiyalarning to‘g‘ridan - to‘g‘ri harakatlanishini ta’minlaymiz. Shu tariqa aeroportdan Qiziloy (Kızılay) maydonigacha 17 kilometrlik, Umidko‘ygacha esa 7 kilometrlik zamonaviy transport tarmog‘i yaratilmoqda» - dedi Erdo‘g‘an.
Prezident loyiha rekord darajadagi 230 kun ichida yakunlanganini ta’kidlab, unda mehnat qilgan barcha tashkilot va mutaxassislarga minnatdorlik bildirdi.
«23 yil davomida Turkiya uchun xizmat qildik»
Erdo‘g‘an ayrim doiralarning mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalarni tanqid qilishiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«23 yil davomida Turkiya uchun ishladik, xalqimizga xizmat qildik. Sizlar hatto tasavvur ham qila olmaydigan ko‘plab loyihalarni fuqarolarimiz xizmatiga taqdim etdik. Biz har doim o‘zimizni emas, shaharlarimizning kelajagini o‘yladik. Bundan keyin ham Turkiya uchun ishlashda va yangi investitsiyalarni amalga oshirishda davom etamiz» - dedi u.
Prezident joriy yil davomida anqaraliklar uchun yangi loyihalar, ochilish marosimlari va xushxabarlar taqdim etilishini ham ma’lum qildi.
«Xizmat qilgan inson izzat topadi degan tamoyil asosida hech kimni ajratmay va chetga surmagan holda 86 million fuqaromizga xizmat qilishni davom ettiramiz» - dedi Erdo‘g‘an.
So‘zining yakunida Prezident Anqara aeroporti, poytaxt aviatsiya ko‘prigi va bog‘lovchi yo‘llarning mamlakat va xalq uchun manfaatli bo‘lishini tiladi.
Marosim tafsilotlari
Prezident Erdo‘g‘anning samolyoti Anqara aeroportida an’anaviy suv arkasi marosimi bilan kutib olindi.
Marosim avvalida aeroport va bog‘lovchi yo‘llarning qurilish jarayoniga bag‘ishlangan hujjatli film hamda aeroportning animatsion taqdimoti namoyish etildi.
Nutqlardan so‘ng Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir Uralo‘g‘lu Prezident Erdo‘g‘anga esdalik sovg‘asi topshirdi.
Duo o‘qilgach, Prezident Erdo‘g‘an Anqara aeroportining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazdi va tadbir ishtirokchilari bilan esdalik uchun suratga tushdi.





















