Turkiya Iroqning Kerkuk shahriga turkman millatiga mansub hokim tayinlanganini mamnuniyat bilan qarshi olib, bu holatni madaniy xilma - xillikka ega hududda inklyuzivlik va adolatli vakillik nuqtayi nazaridan tarixiy qadam sifatida baholadi.
Tashqi Ishlar vazirligi bu boradagi bayonotida, Iroq turkmanlari mintaqasi rahbari Mehmet Seman Ag‘ao‘g‘lu dushanba kuni Iroq Prezidentidan ishonch yorlig‘ini olib, rasman Kerkuk hokimi lavozimiga kirishganini ma’lum qildi.
Ag‘ao‘g‘lu 16 - aprel kuni Kerkuk viloyat kengashi tomonidan hokim etib saylangan edi.
Vazirlik bayonotida shunday deyiladi: «Madaniy xilma - xillikka va ko‘p qirrali tuzilishga ega bo‘lgan Kerkukka turkman hokimning saylanishi inklyuzivlik, adolatli vakillik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash nuqtayi nazaridan nihoyatda muhim va tarixiy voqeadir».
Vazirlik ushbu tayinlovni «Iroq va Kerkukning ajralmas qismi bo‘lgan turkman qardoshlarimiz uchun kech bo‘lsa - da, qonuniy huquqning tiklanishi», - deb baholadi.
Bayonotda, shuningdek, «Kerkukda yuqori darajadagi ma’muriy lavozimlarning turli guruhlar o‘rtasida kelishuv asosida navbat bilan taqsimlanishi nafaqat turkmanlar, balki Kerkukni tashkil etuvchi barcha unsurlar uchun adolatli va teng imkoniyatli yutuqdir», - deyiladi.
Anqara ushbu qadam Iroq va Kerkuk aholisining tinchligi, xavfsizligi va farovonligiga hissa qo‘shishi hamda Iroqning umumiy barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishidan umidvor eknini bildirdi.

















