Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Antaliyada uyushtirilgan beshinchi Antaliya Diplomatiya Forumi doirasida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar, Komor orollari Prezidenti Azali Assumani va Kongo Demokratik Respublikasi Prezidenti Feliks Tshisekedi bilan alohida - alohida uchrashuv o‘tkazdi.
Bundan avval Erdo‘g‘an ishtirokchilar uchun tayyorlangan nonushta doirasida Bosniya va Gersegovina Davlat rahbarligi a’zolari — Jelka Tsiviyanovich, Denis Bechirovich va Jelko Komshich bilan ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish uchun uchrashgan edi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning Bosniya va Gersegovinaning kelajagi uchun tashlanadigan barcha konstruktiv qadamlarni qo‘llab - quvvatlashini va ushbu mamlakatning Bolqonlarda barqarorlik uchun muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning Bosniya va Gersegovinaning hududiy yaxlitligi va konstitutsiyaviy tuzumini so‘zsiz qo‘llab - quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
So‘nggi paytlarda bosniyalik musulmonlar (bo‘shnaklar)ga qarshi yakkalovchi va provokatsion bayonotlar ko‘payganini qayd etgan Erdo‘g‘an, Bolqonlarda barqarorlikni xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan mas’uliyatsiz qadamlar hech kimga foyda keltirmasligini bildirdi.
U uch asosiy xalq — bo‘shnaklar, serblar va xorvatlar — til topishib yashay oladigan Bosniya va Gersegovinani barpo etish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Turkiya bilan Bosniya va Gersegovina o‘rtasidagi ikki tomonlama savdoni oshirish va transport hamda energetika kabi sohalarda hamkorlikni jadallashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Mazkur uchrashuvlar Prezident Erdo‘g‘anning Antaliya shahrida o‘tkazilgan Beshinchi Antaliya Diplomatiya Forumining ikkinchi kunidagi dasturi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Bosniya va Gersegovina Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatdagi uch xalqni ifodalovchi uch a’zodan iborat bo‘lgan organ, mamlakatda navbatma - navbat prezidentlik vazifasini bajaradi. Mart oyidan beri bo‘shnak vakili Bechirovich amaldagi raislik lavozimini yuritmoqda.
Dunyo yetakchilari va yuqori darajali hukumat vakillari joriy yilda global noaniqliklarni boshqarishga qaratilgan forum uchun yakshanba kunigacha Turkiyada bo‘ladi.
Forum Prezident Erdo‘g‘an homiyligida va Tashqi Ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda hamda bu yil «Ertangi kunni xaritalash, noaniqliklarni boshqarish» mavzusi ostida o‘tkazilmoqda.













