Turkiya kelasi hafta poytaxt Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO Liderlar sammiti oldidan xavfsizlik va transport choralarini kuchaytirdi. Sammit doirasida Esenbo‘g‘a aeroportida vaqtinchalik havo qatnovi cheklovlari joriy etilmoqda, shahar bo‘ylab esa minglab xavfsizlik xodimlari xizmatga jalb qilindi.
NATO Davlat va Hukumat rahbarlarining sammiti 7–8-iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadi. Sammitda NATOga a’zo 32 davlat va taklif etilgan 9 mamlakatdan jami 52 nafar davlat va hukumat rahbari ishtirok etishi kutilmoqda.
Anqaradagi muvofiqlashtirish yig‘ilishida so‘zga chiqqan Ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi bunday miqyosdagi tadbirga tayyorgarlik nafaqat diplomatik, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham “eng yuqori darajadagi rejalashtirish va muvofiqlashtirish”ni talab qilishini ta’kidladi.
Vazir Chiftchi: “Amalga oshirilayotgan xavfsizlik va transport choralarining yagona maqsadi — fuqarolarimiz, mehmon delegatsiyalar va xavfsizlik xodimlarining xavfsizligini ta’minlash hamda sammitning tartibli va muammosiz o‘tishini kafolatlashdir”, dedi.
56 mingdan ortiq xodim xizmat qiladi
Chiftchining ma’lum qilishicha, sammit davomida 48 ming 841 nafar politsiyachi va 7 ming 447 nafar jandarma, jami 56 ming 288 nafar xodim hamda 4 ming 405 ta transport vositasi xizmat qiladi.
Esenbo‘g‘a aeroporti bilan Prezident majmuasi o‘rtasidagi yo‘nalishda 3 ming 926 nafar, Murted–Anqara aeroporti va Prezident majmuasi o‘rtasidagi yo‘nalishlarda esa 1 ming 742 nafar xodim joylashtiriladi.
Chiftchi ehtimoliy xavfsizlik tahdidlariga qarshi aeroportlar, sammit o‘tkaziladigan hududlar, yo‘nalishlar va mehmonxonalarda xodimlar, transport vositalari, maxsus texnika hamda xizmat itlari 24 soatlik navbatchilik asosida faoliyat yuritishini bildirdi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik choralari ham kuchaytirildi. Shu doirada internet tarmog‘ida jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi 24 soat davomida “virtual patrul” olib borish uchun qo‘shimcha 639 nafar xodim vazifaga jalb qilindi.
Esenbo‘g‘a aeroportida vaqtinchalik parvoz cheklovlari
Davlat Aeroportlari Boshqarmasi (DHMİ) sammit munosabati bilan e’lon qilingan NOTAM doirasida Anqara Esenbo‘g‘a aeroportida vaqtinchalik havo qatnovi cheklovlari joriy etilishini ma’lum qildi.
Cheklovlar mahalliy vaqt bilan 7-iyul kuni soat 10:00–18:00, 8-iyul kuni esa 14:00–21:00 oralig‘ida amal qiladi.
DHMİ xorijiy davlat rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni olib kelayotgan fuqarolik hamda harbiy samolyotlar ushbu cheklovlardan ozod etilishini bildirib, yo‘lovchilarga parvozlar bo‘yicha yangilanishlarni muntazam kuzatib borishni tavsiya qildi.
Ichki ishlar vaziri Chiftchi yakunda Prezident majmuasi, ATO Congresium va delegatsiyalar joylashadigan mehmonxonalar atrofidagi ayrim yo‘llar sammit davomida transport harakati uchun yopilishini, biroq piyodalar harakatiga hech qanday cheklov qo‘yilmasligini ma’lum qildi.





















