Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan davom etayotgan urush sharoitida saylov o‘tkazish haqidagi chaqiriqlarni rad etdi. U shanba kuni bergan bayonotida, hozirgi sharoitda ovoz berish juda xavfli ekanini ta’kidladi. U mavzu haqida: «Bunday urush sharoitida saylov o‘tkazishning o‘zi katta xavf. Hozirda saylov o‘tkazish mamlakat uchun Ukrainani bo‘lib yuboradigan tsunamiga tengdir» - dedi.
Ukrainada harbiy holat joriy etilgani sababli saylovlar to‘xtatilgan. 2022 - yildan buyon Rossiyaga qarshi urush olib borayotgan mamlakatda bu chora keng qo‘llab - quvvatlanmoqda. Zelenskiy bu fikrlarini shanba kuni jurnalistlar bilan o‘tkazgan brifingda bildirdi. Bu bir qator siyosiy inqirozlar fonida bir necha oy ichida o‘tkazilgan ilk matbuot anjumani bo‘ldi.
Sobiq vazir saylov o‘tkazishga chaqirdi
Munozaralar, sobiq Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovning, joriy hafta ichida saylovlarni qanday o‘tkazish mumkinligi bo‘yicha yo‘l topishga chaqirganidan so‘ng yanada kuchaydi. Biroq Fedorov bu borada aniq yo‘l xaritasini taklif qilmadi.
Mutaxassislar saylovni tashkil etish oldida bir qator to‘siqlar borligini ta’kidlamoqda. Jumladan harbiy xizmatchilar, millionlab ukrainalik qochqin va bosib olingan hududlar aholisi qanday ovoz berishi, shuningdek, Rossiya tomonidan tarqatilishi mumkin bo‘lgan dezinformatsiya xavfi kabi masalalar mavjud.
Kiyev Xalqaro Sotsiologiya Instituti o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra ukrainaliklarning atigi 15 foizi mojaro tugashidan oldin saylov o‘tkazilishi kerak degan fikrda.
Zelenskiy bo‘linishdan ogohlantirdi
Saylov haqidagi munozaralar Ukraina bilan Rossiya har kuni raketa va dron hujumlari orqali bir - biriga zarba berayotgan bir paytda yuzaga kelmoqda.
Zelenskiy jamiyat ham armiya ham birdam bo‘lishi kerakligini ta’kidladi hamda bo‘linish chuqurlashgan taqdirda «xavfli voqealar» yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. «Bunday xavf borligini tan olishimiz kerak — bu yo‘nalishda, xavfli xodisalar tomon harakat bo‘lishi mumkin» - dedi u.

















