Eron bosh muzokarachisi Muhammad Bagir Qalibof Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, Hormuz bo‘g‘ozi Tehron nazoratida bo‘lishini ma’lum qildi. Davlat ommaviy axborot vositalarining seshanba kungi xabariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaroni tugatishga qaratilgan ilk muzokaralar yakunida Eron va AQSh muhim dengiz yo‘nalishini ochiq saqlash hamda Livandagi janglarni to‘xtatish uchun aloqa liniyalarini o‘rnatishga kelishib oldi.
“Hormuz bo‘g‘ozi hech qachon urushdan oldingi holatiga qaytmaydi va xalqaro huquqqa muvofiq Eron Islom Respublikasi tomonidan boshqariladi”, – deya Qalibofning so‘zlarini keltirgan IRNA agentligi.
Qalibof o‘zining Telegram sahifasiga joylangan videoda Shveysariyaning Burgenstock kurortida o‘tgan muzokaralar yaxshi natijalar berganini ta’kidladi. “Mening fikrimcha, bu safar ijobiy natijalarga erishildi, xususan, bo‘g‘oz maqomi, Livan masalasi, neft imtiyozlari va muzlatilgan mablag‘larni ozod etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Albatta, biz bu jarayonning boshida turibmiz va harakatlarimizni davom ettirishimiz kerak”, – dedi u.
AQSh dushanba kuni Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatdi. Vitse-prezident JD Vensning muzokaralardan keyin ma’lum qilishicha, Tehron BMT yadroviy inspektorlarining mamlakatga qaytishiga ruxsat berishga rozi bo‘lgan. Kelishuv doirasida Tehron Vashingtondan sanksiyalarni qisman yumshatish va aktivlarning muzlatilishini bekor qilishni kutmoqda.
Tijorat kemalari uchun xavfsiz o‘tish
Qalibof muzokaralardan qaytishda Hormuz bo‘g‘ozi bilan chegaradosh Ummon davlatida to‘xtab o‘tdi. Urush boshida Eron tomonidan yopilgan mazkur suv yo‘li Vashington va Tehron kelishuvga erishgach, o‘tgan hafta davomida qayta ochilgan edi. Biroq Tehron shanba kuni Livandagi Isroil hujumlariga javoban bo‘g‘ozni yana yopganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng, qatarlik va pokistonlik vositachilarning ma’lum qilishicha, Tehron va Vashington tomonlari “voqealarning oldini olish, noto‘g‘ri tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik hamda tijorat kemalarining xavfsiz o‘tishini ta’minlash” maqsadida maxsus aloqa liniyasini o‘rnatishga kelishib olishdi. Kuzatuv firmalarining ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kungi AQSh-Eron kelishuvidan so‘ng bo‘g‘ozdagi dengiz harakati avvalgi davrga nisbatan sezilarli darajada faollashgan.














