SIYOSAT
3 daqiqa o'qish
Pokiston muzokaraning ikkinchi bosqichida Eron ham ishtirok etishini bildirdi
Pokiston, AQSh bilan avj olgan keskinliklarga qaramay Eron ham muzokaralarning ikkinchi bosqichida ishtirok etishini bildirdi.
Pokiston muzokaraning ikkinchi bosqichida Eron ham ishtirok etishini bildirdi
_

Pokistondagi o‘rtamchilik jarayonidan xabardor bo‘lgan ikki manba dushanba kuni Anado‘lu axborot agentligiga bergan bayonotida, Eron, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi so‘nggi keskinliklarga qaramay AQSh bilan Islomobodda o‘tkaziladigan ikkinchi bosqich muzokaralarda ishtirok etishini bildirdi.

Manbalarga ko‘ra Eron delegatsiyasi seshanba kuni Pokiston poytaxti Islomobodga yetib kelishi kutilmoqda. Biroq Tehron bu muzokaralarda ishtirok etishini hali hanuz rasman tasdiqlamagan.

Ushbu muzokaralarda Tehron nomidan oyning boshida o‘tkazilgan birinchi bosqichda qatnashgan, majlis raisi Muhammad Bakir Kalibaf boshchiligidagi va Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham ishtirok etgan delegatsiyaning ishtirok etishi kutilmoqda.

AQSh delegatsiyasiga AQSh vitse - prezidenti JD Vance boshchilik qilishi mumkin va delegatsiya tarkibida maxsus vakillar Stiv Vitkoff va Jared Kushner ham bo‘ladi. Manbalarga ko‘ra, delegatsiya dushanba kuni kechasi kech soatlarda yoki seshanba kuni Islomobodga yetib keladi, Vance esa alohida samolyotda kelishi mumkin.

Vashingtondan AQSh delegatsiyasining kelish vaqti bo‘yicha rasmiy bayonot berilmagan.

Voqealarni yaqindan kuzatayotgan ko‘plab pokistonlik manbalar Anado‘lu axborot agentligiga bergan ma’lumotda, «oldingi guruh» va xavfsizlik xodimlarini olib kelgan kamida ikki AQSh samolyoti yakshanba kuni Islomobodga qo‘nganini bildirdi.

Islomobod, Yaqin Sharqda bir necha haftadan beri davom etayotgan mojarolarga muzokara orqali yechim topish maqsadida AQSh va Eron o‘rtasidagi yuqori xavfli ikkinchi bosqich uchrashuvlariga mezbonlik qilayotgani sabab yana kun tartibiga chiqdi.

Pokiston televideniyesi xabariga ko‘ra Pokiston Ichki Ishlar vaziri Mo‘hsin Naqvi dushanba kuni Islomoboddagi AQSh elchixonasiga tashrif buyurib, yaqinlashib kelayotgan muzokaralar bo‘yicha xavfsizlik choralarini muhokama qilgan.

Tomonlar o‘rtasidagi ikki haftalik nozik sulh chorshanba kuni yakunlanishi kutilmoqda.

Islomobod bilan bir qatorda yaqinidagi garnizon shahri Ravalpindi ham kuchli xavfsizlik nazorati ostida; shahardagi ta’lim muassasalari yopildi. Shuningdek, muhim muzokaralar davomida tartibni saqlash uchun minglab xavfsizlik xodimlari safarbar qilingan.

Pokiston 11 – 12 aprel kunlari AQSh va Eron o‘rtasida, 1979 - yildan beri diplomatik aloqalar uzilganidan buyon ilk bor o‘tkazilgan eng yuqori darajadagi muzokaralarga mezbonlik qilgan edi biroq bu uchrashuvlar natijasiz yakunlangan. «Islomobod muzokaralari» deb atalgan bu jarayon Pokistonning 28 - fevraldan beri davom etayotgan urushda o‘rtamchilik yoki vositachilik qilishi va 8 - apreldan kuchga kirgan ikki haftalik sulhni ta’minlashi ortidan amalga oshirilgan.

Kundan - kunga kuchayib borayotgan keskinliklar dushanba kuni AQShning Eron kemasini qo‘lga olishi va Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yana yopishi ortidan battar avj oldi. Bu esa Islomobod muzokaralari va global ta’minot zanjiridagi uzilishlar borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni bergan bayonotida, AQSh Harbiy - dengiz kuchlari Ummon ko‘rfazida AQSh dengiz blokadasini yorib o‘tishga uringan Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasini to‘xtatib, uni nazoratga olgani va hozirda AQSh Harbiy - dengiz piyodalari kemani qo‘l ostida ushlab turganini qayd etdi.

Eron bu harakatni Pokiston vositachiligida ta’minlangan va 7 - apreldan beri asosan amal qilib kelayotgan ikki haftalik sulhning buzilishi deb baholab, «yaqin orada» javob chorasi ko‘rilishi ustidan ogohlantirdi.