Sog‘liqni Saqlash manbalari Isroilning G‘azoga qarshi uyushtirgan havo hujumlarida falastinlik yana uch kishi halok bo‘lgani, shu bilan Qurbon hayiti arafasida qurbonlar soni to‘qqiz nafarga yetganini ma’lum qildi. Hujumlar davom etayotgan otashkesim buzilishlari paytida sodir bo‘ldi.
Voqeada do‘konlar joylashgan turar joy, G‘azo shahrining eng gavjum savdo hududidagi boshqa bir turar joy tomi, harbiy bo‘lmagan avtomobil hamda G‘azoning markaziy va janubiy qismlarida tinch aholi to‘plangan nuqtalar nishonga olindi.
So‘nggi hujumda Isroil harbiy samolyotlari G‘azo shahrining g‘arbidagi janubiy Rimal mahallasidagi bir turar joyni bombardimon qilishi oqibatida falastinlik uch kishi, jumladan bir ayol halok bo‘ldi, 20 kishi esa yaralandi.
Guvohlarning aytishicha, Isroil jangovar samolyotlari binoga bir necha raketa otgan va hududda katta vayronagarchilik yuzaga kelgan.
Manbalarga ko‘ra, Rimal mahallasida bir turar joy tomini nishonga olgan yana bir Isroil hujumida falastinlik besh kishi yaralangan.
Portlashlar avtomobillarni kulga aylantirdi
Avvalroq G‘azo janubidagi Xon Yunus g‘arbida harbiy bo‘lmagan avtomobil nishonga olingan hujumda falastinlik ikki kishi halok bo‘ldi, ko‘plab inson yaralandi.
Bir tibbiy manba ikki kishining jasadi Nosir tibbiy markaziga og‘ir kuygan axvolda olib kelingani va ularning shaxsi darhol aniqlanmaganini bildirdi.
Guvohlarning ta’kidlashicha, Isroilga tegishli insonsiz havo transporti Xon Yunusdagi al - Mavosi hududida harbiy bo‘lmagan avtomobilni nishonga olgan.
Bundan oldin esa G‘azoning markaziy qismidagi al - Mag‘oziy qochqinlar lagerining sharqida tinch aholi yig‘ilgan joyga qarshi uyushtirilgan Isroil hujumida falastinlik to‘rt kishi halok bo‘lgan edi.
Tong saharda Xon Yunusda o‘z uy - joyidan ko‘chirilgan shaxslar yashayotgan chodirlar nishonga olingach, falastinlik bir ayol Isroil armiyasi o‘qidan yaralandi.
Ayni manba keyinroq dushanba kuni Xon Yunus g‘arbidagi al - Mavosiy hududida yana o‘z uy - joyidan ko‘chirilganlar yashayotgan G‘ays lageriga qarshi uyushtirilgan Isroil hujumida yaralangan 14 yoshli qizaloq vafot etganini ma’lum qildi.
Mazkur hujumda avvalroq bir bola falastinlik ikki ayol halok bo‘lgan, asosan bolalar va ayollardan iborat 30 kishi yaralangandi.
Guvohlar, shuningdek, Isroil harbiy kemalari Rafoh va Xon Yunus sohillari tomon o‘t ochgani, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra yaralanganlar yo‘qligini bildirdi.
G‘azo Sog‘liqni Saqlash vazirligiga ko‘ra o‘tgan yilning oktabr oyidan buyon sulh kelishuvining davom etayotgan buzilishlari natijasida seshanba holatiga ko‘ra falastinlik 906 kishi halok bo‘lgan, 2 ming 747 kishi esa yaralangan.
















