Belgiya Tashqi ishlar vaziri dushanba kuni Belgiya va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamda texnologik sheriklik tobora mustahkamlanayotganini ta’kidlab, ikki mamlakat ko‘plab strategik sohalarda “bir-birini to‘ldiruvchi juda kuchli imkoniyatlarga” ega ekanini aytdi.
Qirolicha Matilda boshchiligida Turkiyaga tashrif buyurgan Belgiya Iqtisodiy delegatsiyasining ochilish marosimida so‘zlagan Maksim Prevo qirolichaning ishtiroki Bryusselning Anqara bilan aloqalarga naqadar katta ahamiyat berishini ko‘rsatishini bildirdi.
Prevo:
“Bu oddiy tafsilot emas. Bu Belgiya Turkiya bilan munosabatlarga qanchalik ahamiyat berishini har qanday nutqdan ham kuchliroq ifodalaydi,” dedi.
U ikki tomonlama aloqalar qariyb ikki asrlik siyosiy, iqtisodiy va diplomatik hamkorlik asosida shakllanganini qayd etib, Belgiyadagi turk diasporasining roliga ham alohida to‘xtaldi.
Belgiya Tashqi ishlar vaziri hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta salohiyatga ega besh asosiy yo‘nalishni sanab o‘tdi. Bular: yashil energetika o‘tishi, aviatsiya va mudofaa sanoati, portlar va logistika, hayot fanlari va biotexnologiya hamda raqamli transformatsiya sohalaridir.
“Bular tasodifan tanlangan sohalar emas,” degan Prevo har ikki davlat ham ushbu yo‘nalishlarda “jahon darajasidagi tajriba va innovatsiya salohiyatiga” ega ekanini ta’kidladi.
Prevo Belgiya eksporti 2025-yilda Turkiyaga 6,5 milliard yevroga, ya’ni 7,6 milliard dollarga yetganini aytdi. Eksportning asosiy qismini farmatsevtika va kimyo mahsulotlari tashkil qilgan.
Turkiyaning Belgiyaga eksporti esa 5,6 milliard yevro, ya’ni 6,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu eksportning asosiy qismini transport vositalari va metall mahsulotlari tashkil qilmoqda.
“Belgiya ayni paytda Turkiyadagi eng yirik sakkizinchi investor hisoblanadi,” degan Prevo yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratishi kutilayotgan loyihalarga ishora qilib, Belgiyadagi turk investitsiyalari ortib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
Belgiya Tashqi ishlar vaziri:
“Turk kompaniyalari endi Belgiyaga ham sarmoya kirita boshlaganini ko‘rish bizni juda mamnun qilmoqda,” dedi.
Prevo Turkiya sanoatini Yevropa qiymat zanjirlariga bog‘lashda Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasidagi Bojxona ittifoqining ahamiyatiga ham e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, savdo aloqalari “hikoyaning faqat bir qismi” ekanini ham ta’kidladi.
Flamand mintaqasi bosh vaziri Matias Dipendayele esa logistika, ilg‘or ishlab chiqarish, energetik transformatsiya va texnologiya sohalaridagi hamkorlik kuchayib borayotganini aytib, Turkiyani “kelajak uchun strategik hamkor” deb atadi.
Dipendayele:
“Bu delegatsiya juda aniq xabar bermoqda. Biz bu yerga katta maqsadlar, ishonch va kuchli biznes ruhiyati bilan keldik,” dedi.
Uning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashni maqsad qilgan delegatsiya tarkibida biznes dunyosining 500 dan ortiq yetakchilari qatnashmoqda.
Belgiya-Turkiya biznes forumida ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya Turkiya Savdo vaziri O‘mer Bo’lat, Belgiya Tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo hamda Belgiya Mudofaa vaziri Teo Franken tomonidan imzolandi.














