DUNYO
2 daqiqa o'qish
Putin rus askarlari kimga qarshi kurashayotganiga e'tibor qaratdi
Putin, Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba kuni paradida, Rossiya askarlari NATO tomonidan qurollantirilgan va qo‘llab - quvvatlanayotgan «tajovuzkor kuch»ga qarshi kurashayotganini qayd etdi.
Putin rus askarlari kimga qarshi kurashayotganiga e'tibor qaratdi
_

Vladimir Putin Rossiya askarlari NATO tomonidan qurollantirilgan va qo‘llab -quvvatlanayotgan «tajovuzkor kuch»ga qarshi kurashayotganini qayd etdi.

Putin shanba kuni (09.05.2026) Qizil maydonda Ikkinchi jahon urushida Sovet ittifoqining g‘alabasi yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan G‘alaba kuni paradida so‘zga chiqib, g‘alaba qozongan avlod bugun maxsus harbiy amaliyot vazifalarini bajarayotgan askarlarga ilhom berayotganini ta’kidladi.

Putin Rossiya olimlari va muhandislari zamonaviy urush tajribasidan foydalangan holda ilg‘or qurollarni ishlab chiqayotgani va ularni ommaviy ishlab chiqarishni kengaytirayotganini ifoda etdi.

Paradda Rossiyaning maxsus harbiy amaliyotida qatnashayotgan harbiylar, oliy harbiy ta’lim muassasalari talabalari, Rossiya Qurolli kuchlarining turli bo‘linmalari vakillari hamda Shimoliy Koreya armiyasi askarlari ishtirok etdi.

Xotira tadbirlari oldidan Rossiya Mudofaa vazirligi dushanba kuni 8–9 maydagi G‘alaba kuni bayramlari munosabati bilan ikki kunlik sulh taklif qilib, agar bayram tadbirlari buzilgudek bo‘lsa unda Ukraina keng ko‘lamli raketa hujumiga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Ukraina esa o‘sha kunning ilgarilagan soatlarida, seshanba kuni yarim tundan e’tiboran bir tomonlama sulh e’lon qildi.

Biroq keyinchalik har ikki tomon ham bir - birini alohida e’lon qilingan sulhni buzishda aybladi.

«Hozircha aniq bir narsa yo‘q»

TASS xabariga ko‘ra, Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov shanba kuni (09.05.2026) Moskvadagi G‘alaba kuni tadbirlarini buzishni ko‘zlagan hech qanday urinish bo‘lmaganini qayd etdi.

Peskov Ukraina bilan sulhni 11 - maydan keyin ham uzaytirish imkoniyati hali hanuz muhokama qilinmaganini bildirdi.

Putin bilan Donald Tramp o‘rtasidagi aloqalarga ham to‘xtalgan Peskov, hozircha yangi uchrashuv rejalashtirilmaganini ifoda etdi.

Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari uchun Moskvaga AQSh delegatsiyasi yuborilishi mumkinligi haqidagi bayonotlariga izoh berar ekan, Peskov, Rossiya bunday delegatsiyani qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Peskov: «Hozircha aniq bir narsa yo‘q, ammo tabiiyki, Rossiya har doim bunga tayyor» - dedi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp juma kuni Truth Social platformasi orqali bergan bayonotida, Rossiya bilan Ukraina sulh hamda 1000 ga 1000 formatidagi mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilib; buning uchun Putin bilan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga minnatdorchilik bildirdi.

Tramp o‘z so‘zida: «Umid qilamanki, bu juda uzoq, qonli va og‘ir urushning yakunlanishining boshlanishi bo‘ladi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik mojaro sifatida qayd etilgan ushbu yirik to‘qnashuvni tugatish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda va biz har kuni maqsadga biroz yaqinlashyapmiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.