TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Anqarada Turkiya va Saudiya Arabistoni oʻrtasida yuqori darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtdi
Kecha ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Turkiya-Saudiya Arabistoni Muvofiqlashtirish Kengashining uchinchi yig'ilishiga hamraislik qildi.
Anqarada Turkiya va Saudiya Arabistoni oʻrtasida yuqori darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtdi
Turkiya Prezidenti poytaxt Anqarada Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirini qabul qildi. / AA

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo’g‘an poytaxt Anqarada Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud bilan uchrashdi.

Prezidentlik majmuasida chorshanba kuni yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Aloqa bo‘limi rahbari Burhanettin Duran, Prezidentning maxsus yordamchisi Hasan Dogan va tashqi siyosat bo‘yicha bosh maslahatchi Akif Chag‘atay Kilich ham ishtirok etdi.

Kunning birinchi yarmida har ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Anqarada o‘tkazilgan Turkiya–Saudiya Arabistoni muvofiqlashtirish kengashining uchinchi majlisiga raislik qildi. Unda ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy o‘zgarishlar, xususan, G‘azo masalasi batafsil muhokama qilindi.

Hakan Fidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bayonotida, uchrashuvda har ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari vakillari qatnashganini bildirdi.

Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash

Vazirning qayd etishicha, tomonlar savdo, energetika, mudofaa, ta’lim, madaniyat, turizm va transport kabi strategik sohalardagi qo‘mitalar ishini ko‘rib chiqqan. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni institutlararo mexanizm doirasida tartibga solish masalalari muhokama qilingan.

Fidan, shuningdek, muzokaralar davomida mintaqaviy muammolar, xususan, G‘azodagi vaziyat tahlil qilinganini aytdi. Uchrashuv doirasida ikki mamlakat diplomatik va xizmat (maxsus) pasporti egalari uchun viza talabini o‘zaro bekor qilish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri saudiyalik hamkasbi va delegatsiya a’zolariga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan kelishuvlar har ikki davlat uchun manfaatli bo‘lishiga umid bildirdi.