Turkiyaning mudofaa kompaniyasi Samsun Yurt Savunma (SYS), vertolyotlardan tortib insonsiz havo transportlari va dronlarni yo‘q qilish uchun ishlab chiqilgan yangi avlod og‘ir pulemyoti CANiK M3 FALCON ning xorijga yetkazib berish ishlarini boshladi.
12,7x99 mm og‘ir pulemyot, turk mudofaa kompaniyalari yangi tizimlarini namoyish etgan va xalqaro hamkorlik bitimlarini imzolagan, shu hafta SAHA 2026 Xalqaro Mudofaa va aviatsiya yarmarkasida ilk bor namoyish qilindi.
Ko‘rgazmada Anadolu axborot agentligiga intervyu bergan SYS rahbari Zafer Aral, CANiK M3 FALCON arzon narxli dronlar va mobil o‘q - dorilar muhim amaliyot tahdidga aylangan o‘zgarayotgan jang maydoni uchun maxsus ishlab chiqilganini ifoda etdi.
U shuningdek: “CANiK M3 FALCON butunlay dronlarga qarshi, Shahid turidagi dronlarga qarshi vertolyotlardan turib dronlarni yo‘q qilish uchun ishlab chiqilgan dizayn. Hozirda faol ravishda qo‘llanilmoqda. Dastlabki yetkazib berishlar Pokiston va Ozarbayjonga amalga oshirildi” - dedi.
Aralning aytishicha, tizim vertolyotlarga radar tomonidan aniqlangan insonsiz havo transportlariga qarshi harakat qilish imkonini beradi. U Shahid turidagi dronlar soatiga taxminan 250 kilometr tezlikda ucha olishini va vertolyotlar bu tezlikka moslasha olishini qayd etdi.
Aral mavzu haqida yana shunday dedi: “Radarlar bu dronlar yoki insonsiz havo transportlarini aniqlaganida, vertolyotlar havoga ko‘tariladi va FALCON tizimlari bilan eshiklarini ochib, dronlar yoki insonsiz havo transportlarini butunlay yo‘q qila oladi”.
Ushbu konsepsiya namoyish bosqichidan amaliyot qo‘llanish bosqichiga o‘tganini ham qo‘shimcha qilgan Aral: “Bu yangi urush konsepsiyasi ilk bor namoyish qilinmoqda va ilk bor amalda qo‘llanmoqda. Chunki bu yangi urush konsepsiyasi. Bu ehtiyoj yangi paydo bo‘ldi va yechim vertolyotlar hamda FALCON tizimlari orqali topildi” - dedi.
“Ozarbayjonga 40 tadan ortiq FALCON”
SYS rahbari so‘nggi mojarolar mobil va arzon dronlarga qarshi yechimlarga bo‘lgan ehtiyojni o’rtaga qo’yganidan keyin tizimga talab paydo bo‘lganini aytdi.
Qurol vertolyotlardan daqiqasiga 1 200 o‘q otish tezligiga erisha olishini va xorijdan kelgan talablar asosida havo platformalariga moslashtirilganini bildirgan Aral: “Aslida qurol bor edi. Biz uni takomillashtirib, vertolyotda qulay foydalanish mumkin bo‘lgan holatga keltirdik” - dedi.
Aralning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjondagi 20 dan ortiq vertolyotga integratsiya qilish uchun 40 dan ziyod CANiK M3 FALCON yetkazib berilishi boshlangan. Dastlabki mahsulotlar Pokistonga ham yuborilgan.
Tizimdan Turkiyaning TAI T625 Gökbey vertolyotida foydalanish uchun ham dastlabki ishlar boshlanganini bildirgan Aral, sinovlar Markaziy Anadoludagi Qoniya shahrida Turkiyaning mudofaa giganti Aselsan bilan hamkorlikda yakunlanganini qo‘shimcha qildi.
“Xorijdan yana boshqa talablar ham keladi,” - degan Aral, tizim Shahid turidagi insonsiz havo transportlari yoki radar tomonidan aniqlanib kuzatilishi mumkin bo‘lgan har qanday insonsiz havo transportlariga qarshi foydalanishga tayyor ekanini ham ta’kidladi.
SYS qatlamli havo mudofaa arxitekturasini namoyish qilmoqda
SYS Group SAHA 2026 davomida UNIROBOTICS tomonidan ishlab chiqilgan tizimlarni ham o‘z ichiga olgan “integratsiyalashgan mudofaa ekotizimi” konsepsiyasini taqdim etmoqda.
Ular orasida TRAKON masofadan boshqariladigan qurol stansiyalari, CANiK og‘ir pulemyotlari va VENOM LR o‘rta kalibrli artilleriya tizimini yagona integratsiyalashgan tarmoqqa birlashtirgan Tarqatilgan Mobil Qatlamli Havo Mudofaa Arxitekturasi ham mavjud.
Tizim zamonaviy dron tahdidlariga qarshi turli masofalarda qatlamli ustunlik yaratish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, nisbatan arzon va barqaror tuzilishi tufayli xorijiy delegatsiyalar e’tiborini tortdi.
SYS rahbari Aralning aytishicha kompaniya og‘ir pulemyotlar, artilleriya tizimlari va masofadan boshqariladigan minoralar kabi urushning o‘zgarayotgan tabiatiga mos qurol va platformalarga sarmoya kiritishda davom etmoqda.
Kosovo bilan 50 million dollarlik bitim
Aral shuningdek, ko‘rgazma davomida SYS Bolqonlardagi Kosovo bilan mavjud zirhli transport vositalarini qurollantirish bo‘yicha muhim bitim imzolaganini ma’lum qildi.
Bu haqda gapirar ekan, Aral shunday dedi: “Bitim Kosovoning mavjud zirhli transport vositalarini qurollantirish bilan bog‘liq. Bizda 30x113 mm to‘plar mavjud. 30x113 mm minoralar va to‘plar bilan Kosovodagi zirhli transport vositalarini qurollantirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Biz 100 ta quruqlik transport vositasini minora va 30x113 mm to‘plar bilan qurollantiramiz. Bu 50 million dollardan ortiq bitim”.
Urush tobora ko‘proq insonsiz tizimlar va iqtisodiy jihatdan samarali qurollarga o‘tayotganini ta’kidlagan SYS rahbari, Turkiya global mudofaa sanoatida yangi o‘ringa erishganini aytdi.
“Urush konsepsiyasi o‘zgardi. Endi urushlar katta xarajat talab qilmaydigan insonsiz quruqlik, dengiz va havo vositalari hamda ular olib yuradigan eng samarali qurollar bilan olib borilmoqda. Hozirgi urush konsepsiyasi shu. Bugun Turkiya dunyoda aynan shu konsepsiyaga ega yagona davlat desak bo‘ladi. Shu sababli so‘nggi 6 oy, ayniqsa oxirgi 3 oy davomida Fors ko‘rfazi davlatlaridan tortib Filippin va Indoneziyagacha, Malayziyadan Afrika davlatlarigacha ushbu yangi urush konsepsiyasiga katta qiziqish bildirayotgan davlatlar bilan doimiy aloqadamiz” - degan ifodalarga o’rin berdi.











