DUNYO
1 daqiqa o'qish
Vashington va Tehron Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha kelishuvga erishish arafasida
AQSH Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish va urushni to'xtatish masalasida Eron bilan kelishuvga erishishga yaqinlashmoqda.
Vashington va Tehron Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha kelishuvga erishish arafasida
Tehrondagi AQSHning sobiq elchixonasi devoriga chizilgan, Eron va AQSH muzokaralarini masxara qiluvchi AQSHga qarshi mural, 2026-yil 25-aprel (ARXIV) / AP

AQShning Axios nashri chorshanba kuni ikki nafar rasmiyga tayanib xabar berishicha, Vashington Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin turibdi.

Nashrga ko‘ra, tomonlar urushni to‘xtatish hamda yadroviy muzokaralarning batafsil shartlarini belgilovchi "bir sahifalik anglashuv memorandumi"ni imzolash arafasida. Kelishuvga binoan, Eron uranni boyitishga moratoriy e’lon qilishga, AQSh esa Eronning muzlatilgan milliardlab dollar miqdoridagi mablag‘larini qaytarishga rozilik beradi.

Xabarlarga ko‘ra, Vashington yaqin 48 soat ichida Tehrandan bir nechta muhim masalalar bo‘yicha yakuniy javob kutmoqda. "Hozircha hech narsa rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, manbalar bu lahzani urush boshlanganidan beri kelishuvga eng yaqin nuqta deb baholamoqda", — deb yozadi Axios.

Garchi AQSh Prezidenti Donald Tramp bir necha bor kelishuv yaqinligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, amalda hali aniq natijaga erishilgani yo‘q. Dushanba kuni Tramp kemalarning Hormuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida "Project Freedom" (Ozodlik loyihasi) operatsiyasini ishga tushirgan edi. Biroq u "vositachi Pokiston va boshqa davlatlar"ning so‘roviga binoan, oradan bir kun o‘tib operatsiyani to‘xtatdi va Tehron bilan "to‘liq hamda yakuniy kelishuvga erishish yo‘lida ulkan yutuqlarga erishilganini" bildirdi.

Axiosning qayd etishicha, kelishuvning amaldagi loyihasi urush tugaganini e’lon qilishni va 30 kunlik keng qamrovli muzokaralar bosqichini boshlashni ko‘zda tutadi. Muzokaralar Islomobod yoki Jenevada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.