Eron tomonidan amalga oshirilgan hujumlar AQSHning Yaqin Sharqdagi razvedka obyektlari va uskunalariga milliardlab dollarlik zarar yetkazgani aytildi.
NBC News telekanalining bu masaladan xabardor to‘rt nafar rasmiyga tayanib bergan xabariga ko‘ra, Eronning uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar yordamida uyushtirgan hujumlarida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi — CIA hamda boshqa razvedka bo‘linmalari Yaqin Sharqda foydalangan ayrim binolar va uskunalar zarar ko‘rgan.
Hujumlar AQSHning mintaqadagi razvedka obyektlariga “misli ko‘rilmagan” darajada zarar yetkazganini bildirgan rasmiylar, bino va uskunalarni ta’mirlash yoki yangilash milliardlab dollarga tushishini da’vo qildi.
CNN telekanalining sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, zararni baholash hisobotlari hamda AQSH va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi manbalarga tayanib bergan xabarida, 28-fevraldan buyon Eron hujumlari oqibatida AQSH armiyasining Yaqin Sharqdagi kamida 16 ta bazasi turli darajada zarar ko‘rgani bildirilgan edi.
CBS News va CNN kabi manbalarni o‘z ichiga olgan ko‘plab Amerika ommaviy axborot vositalari ham Eron bilan urushning umumiy xarajati kamida 50 milliard dollarni tashkil etganini da’vo qilgan edi.




















