TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Turkiya husiylarning Madinadagi fuqarolik infratuzilmasiga hujumini keskin qoraladi
“Saudiya Arabistonining suvereniteti va xavfsizligiga tahdid soluvchi, islom dunyosining muqaddas qadriyatlarini nishonga oluvchi ushbu ig‘vogar hujumlar darhol va hech qanday shartsiz to‘xtatilishi kerak.”
Turkiya husiylarning Madinadagi fuqarolik infratuzilmasiga hujumini keskin qoraladi
Turkiya Yamandagi husiylarning Madinai Munavvarada Masjidi Nabaviyga xizmat ko‘rsatuvchi fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan hujumini qoraladi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Yamandagi husiylarning Madinai Munavvarada Masjidi Nabaviyga xizmat ko‘rsatuvchi fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirgan hujumini keskin qoralaganini bildirdi.

Vazirlik husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumi yuzasidan yozma bayonot e’lon qildi.

Bayonotda: “Husiylarning Madinai Munavvarada Masjidi Nabaviyga xizmat ko‘rsatuvchi fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirgan hujumini keskin qoralaymiz. Saudiya Arabistonining suvereniteti va xavfsizligiga tahdid soluvchi, islom dunyosining muqaddas qadriyatlarini nishonga oluvchi ushbu ig‘vogar hujumlar darhol va hech qanday shartsiz to‘xtatilishi kerak”, — deyiladi.

Turkiyaning Saudiya Arabistonini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi yana bir bor ta’kidlangan bayonotda mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytiradigan qadamlardan tiyilish zarurligi qayd etildi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasi kecha bergan bayonotida Yamandagi husiylar uch kun avval Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Tayba elektr stansiyasini uchuvchisiz uchish apparati bilan nishonga olganini bildirgan edi.