Ispaniya Tenerife yaqinida hantavirus aniqlangan kruiz kemasi yo‘lovchilarini evakuatsiya qilishni boshladi.
Ispaniya sog‘liqni saqlash vazirligi yakshanba kuni Tenerife yaqinida, bortida hantavirus aniqlangan kruiz kemasidan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Sog‘liqni saqlash mutaxassislari kemaga chiqib, yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgach, odamlarni qirg‘oqqa tushirishga ruxsat berishgan.
Dastlabki bosqichda Ispaniya fuqarolari bo‘lgan guruh kichik qayiqlar yordamida qirg‘oqqa olib chiqiladi va u yerdan maxsus germetik (muhrlangan) avtobuslarda mahalliy aeroportga yetkaziladi. Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, ushbu shaxslar Ispaniya hukumatiga tegishli samolyotda Madridga uchadi va ularning jamoatchilik bilan hech qanday aloqasi bo‘lmasligi qat’iy ta’minlanadi.
Vaziyat tafsilotlari Niderlandiya bayrog‘i ostida suzuvchi MV Hondius kemasi yakshanba kuni Kanar orollariga yetib keldi. Bortdagi 150 ga yaqin odamning aksariyati evakuatsiya qilinib, dengizdagi bir necha haftalik sayohatdan so‘ng o‘z uylariga jo‘natilishi kutilmoqda.
Jurnalistlar va VesselFinder dengiz monitoringi xizmati xabarlariga ko‘ra, kema Guardia Civil (Ispaniya Fuqarolik gvardiyasi) kemalari kuzatuvi ostida Granadilla portiga olib kelingan. Kasallik tufayli uch kishi vafot etgan mazkur kemada qolayotgan boshqa yo‘lovchi va ekipaj a’zolari to‘liq tushirilgach, kema Niderlandiyaga yo‘l oladi.
Kasallik xavfi va JSST munosabati Ma’lum bo‘lishicha, vafot etgan uch nafar yo‘lovchi — niderlandiyalik er-xotin va germaniyalik ayoldir. Boshqa yo‘lovchilarda ham odatda kemiruvchilar orqali yuqadigan ushbu kamyob kasallik alomatlari aniqlangan. Xalqaro hamjamiyatda katta tashvish uyg‘otgan jihat shundaki, bemorlarda hantavirusning odamdan odamga yuqishi mumkin bo‘lgan yagona turi — Andes virusi tasdiqlangan.
JSSTning epidemiyalar va pandemiyalarga tayyorgarlik bo‘yicha direktori Mariya Van Kerxove: “Biz kemadagi barcha shaxslarni yuqori xavf ostidagi muloqotda bo‘lganlar toifasiga kiritdik”, — dedi. Shunga qaramay, u Kanar orollari aholisi uchun umumiy xavf past ekanini qo‘shimcha qildi.
JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus evakuatsiya jarayonini shaxsan nazorat qilish uchun Ispaniyaga keldi. U Tenerife aholisiga birdamlik uchun minnatdorlik bildirib, vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidladi:
“Sizdan bir narsani aniq tushunishingizni so‘rayman, bu navbatdagi COVID emas. Ispaniya bu kabi holatlarga to‘liq tayyor”, — dedi u jurnalistlar bilan muloqotda.
Kundalik hayot o‘z maromida Granadilla de Abona portida xavfsizlik choralari kuchaytirilib, politsiya hududni o‘rab olgan va tibbiy chodirlar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, shaharda hayot odatdagidek davom etmoqda. Mahalliy aholi va sayyohlar kafelarda o‘tiribdi, bozorlar ochiq. Mahalliy lotereya sotuvchisi Devid Paradaning so‘zlariga ko‘ra, odamlarda biroz xavotir bo‘lsa-da, vahima sezilmayapti.
Logistik jarayon Mintaqaviy hokimiyat kema qirg‘oqqa yaqinlashishiga ruxsat bermadi. Yo‘lovchilar qirg‘oqdan biroz masofada tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Oceanwide Expeditions operatori evakuatsiya jarayoni ob-havo imkon bergan qisqa vaqt oralig‘ida — yakshanba va dushanba kunlari yakunlanishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, 1-aprel kuni Argentinaning Ushuaia shahridan yo‘lga chiqqan MV Hondius kemasi Kap-Verde orqali kelayotgan edi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha sakkizta gumon qilingan holatdan oltitasi o‘z tasdig‘ini topgan.















