Fikr
IQTISODIYOT
3 daqiqa o'qish
Turkiya bilan ShKTRning tabiiy gaz loyihasi butun tenglamani o'zgartiradi
Turkiya bilan ShKTR, bir - birini dengiz tubi orqali bog'lovchi tabiiy gaz loyihasi uchun kerakli shartnomalarni imzoladi.
Turkiya bilan ShKTRning tabiiy gaz loyihasi butun tenglamani o'zgartiradi
_

So‘nggi davrlarda mintaqaviy va global miqyosdagi tashabbuslari bilan e’tiborni tortayotgan Turkiya nafaqat Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SKTR) uchun, balki Sharqiy O‘rta yer dengizidan Anad’luga, ehtimol u yerdan Sharqiy Yevropagacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan yo‘lning ham ilk poydevorini qo‘ydi.

Turkiya bilan ShKTR o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi asosida ikki mamlakatni dengiz tubi orqali bog‘lovchi tabiiy gaz quvur liniyasi loyihasi bo‘yicha ishlar rasman boshlandi.

“Asr loyihasi” doirasida quvurlar orqali ShKTRga suv yetkazib bergan Turkiyaning endi xuddi shu usul bilan orolning shimoliga tabiiy gaz ham yetkazishni rejalashtirayotgani har jihatdan “o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi” qadam hisoblanadi.

Mintaqaviy energetika muvozanati qayta shakllanadi

Turkiyadan ShKTRga tortiladigan tabiiy gaz quvurining umumiy uzunligi 101 kilometr bo‘lishi rejalashtirilgan. Loyihaning 97 kilometri dengiz tubidan o‘tadi. Anamurdan boshlanib Teknejikgacha yetib boradigan quvur ikki yo‘nalishda ishlaydi va 2028 - yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Albatta, Anqaraning bu tashabbusini faqat tabiiy gaz nuqtai nazaridan baholash yetarli bo‘lmaydi. Xalqaro maydonda Turkiyaning so‘nggi yillarda Sharqiy O‘rta yer dengizida energetika sohasida muhim va o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi qadamlar tashlayotgani haqidagi ko’z qarash keng tarqalgan.

Dengiz tubidan o‘tadigan tabiiy gaz quvuri loyihasi ham mintaqaviy energetika muvozanati hamda infratuzilma integratsiyasini Anqara foydasiga shakllantiradi.

Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktarning faol sa’y - harakatlari bilan ilgari surilayotgan ushbu loyiha qisqa muddatda ShKTRda tabiiy gaz ta’minoti xavfsizligi, elektr energiyasi xavfsizligi va uglerodsiz iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini mustahkamlaydi. Uzoq muddatda esa Sharqiy O‘rta yer dengizidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirib, mintaqadagi boshqa ishtirokchilar uchun ham mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratadi.

Masalan, Sharqiy O‘rta yer dengizining boy konlaridan qazib olinadigan tabiiy gaz avval ShKTRga, u yerdan esa Anado’luga yetkazilishi ehtimoli juda yuqori. Turkiyaning rivojlangan gaz tarmog‘idan foydalangan holda Sharqiy O‘rta yer dengizi gazini Sharqiy va Markaziy Yevropaga uzatish ham ehtimoliy ssenariylar qatoriga kiradi.

ShKTRdagi elektr energiyasi ishlab chiqarishga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi

Turkiyaning avval ShKTRga suv, endi esa tabiiy gaz yetkazib berish tashabbusi aslida butun orolga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mintaqaga to‘g‘ridan - to‘g‘ri elektr kabeli tortish rejasi Yevropa elektr tarmog‘i qoidalari sababli Kiprning grek qismining siyosiy e’tirozlariga duch kelmoqda.

Anqaraning tabiiy gaz quvur liniyasi tashabbusi esa “elektr energiyasining o‘zini emas, balki uni ishlab chiqaradigan manbani orolga olib borish orqali ushbu ko‘p tomonlama byurokratik to‘siqni chetlab o‘tuvchi mustaqil muqobil yechim”ni taklif etmoqda. Aniqroq qilib aytganda; Turkiya elektr energiyasini emas, balki uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan resursni ShKTR ixtiyoriga taqdim etmoqda.

Albatta, masalaning yana bir tomoni ham bor. ShKTRdagi mavjud asosiy elektr stansiyalari nisbatan eskirgan. Shu sababli ularda qimmat va ekologik jihatdan kamroq maqbul bo‘lgan yoqilg‘i tizimlaridan foydalaniladi. Bularning barchasi elektr energiyasini qimmatroq ishlab chiqarishga olib keladi.

Aynan tabiiy gaz loyihasi orqali bu holatni o‘zgartirish maqsad qilingan. ShKTRda elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari kamaytiriladi. Bundan tashqari, Yevropa ittifoqining 2030 - yilga mo‘ljallangan me’yoriy talablari doirasida majburiy hisoblangan xalqaro ekologik standartlarga Kiprning grek qismi yetakchiligidan ham oldinroq moslashish imkoniyati yaratiladi.

Turkiya suv ta’minoti loyihasi bilan boshlangan jarayonga yangi bir bo‘g‘in qo‘shmoqda. Asosiy maqsad iqtisodiy, huquqiy va geosiyosiy jihatlardan Anqara bilan ShKTR o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlashdir.

Bugungi holat shuni ko‘rsatadiki, Turkiyaning ShKTR va Sharqiy O‘rta yer dengizi bo‘yicha kun tartibi nihoyatda sermazmun va faol. Yakunda Anqara bir tomondan o‘zi “milliy masala” deb bilgan ShKTRni mutlaqo yangi darajaga ko‘taradi, ikkinchi tomondan esa Sharqiy O‘rta yer dengizi geosiyosiy muvozanatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.