IQTISODIYOT
1 daqiqa o'qish
Turkiyadan 4 oyda 195 million dollarlik limon eksporti amalga oshirildi
Turkiya 2026 yilning yanvar-aprel oylarida limon eksportidan 195 million dollar daromad olib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizlik o‘sishga erishdi.
Turkiyadan 4 oyda 195 million dollarlik limon eksporti amalga oshirildi
Turkiya limon eksportida yetakchi davlatlar orasida dunyoda 5-oʻrinni egallaydi. (AA arxivi)

Egey Eksportchilar Uyushmalari tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, Turkiya limon eksporti bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda turadi.

Egey Yangi Meva-Sabzavot Eksportchilari Uyushmasi raisi Jengiz Baliq eksport hajmi miqdor jihatidan kamayganini, biroq daromadning oshishi eksport narxlarining ko‘tarilgani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Baliqning ma’lum qilishicha, Turkiyaning 2025 yildagi 3 milliard 703 million dollarlik yangi meva-sabzavot eksportining 11 foizi limon hissasiga to‘g‘ri kelgan.

U ishlab chiqarilgan yangi meva va sabzavotlarning o‘rtacha 7 foizi eksport qilinishini, limonda esa bu ko‘rsatkich 33 foizga yetishini qayd etdi.

500 million dollardan oshish maqsad qilinmoqda

Baliq yanvar-aprel davri natijalariga to‘xtalib, shunday dedi:

“Limon eksportimiz 18 foizga oshib, 165 million dollardan 195 million dollarga yetdi. 2026 yil yakuniga qadar limon eksportida 500 million dollardan oshishni maqsad qilmoqdamiz”.

Baliqning ta’kidlashicha, Turkiyaning limon eksporti 2002 yildagi 230 ming tonnadan 2024 yilda 577 ming tonnaga yetgan.

U 2026 yil hosili haqida gapirishga hali erta ekanini, biroq 2025 yilga nisbatan yuqoriroq hosil kutilayotganini bildirdi.

Yanvar-aprel oylarida Turkiya limoniga eng katta talab Iroqdan bo‘lib, bu mamlakatga 64,5 million dollarlik eksport amalga oshirildi.

Rossiya 50 million dollar bilan ikkinchi, Ruminiya esa 14,5 million dollarlik eksport bilan uchinchi o‘rinni egalladi.