DUNYO
1 daqiqa o'qish
Rossiyaning Amur viloyatidagi yong‘inda 7 kishi halok bo‘ldi
Pudratchi kompaniyada ishlagan to‘qqiz nafar Xitoy fuqarosining taqdiri esa hozircha noma’lum.
Rossiyaning Amur viloyatidagi yong‘inda 7 kishi halok bo‘ldi
Rossiyaning Amur viloyatidagi korxonada chiqqan yongʻinda 6 nafari Xitoy fuqarosi boʻlgan 7 kishi halok boʻldi

Rossiyaning Amur viloyatida qurilishi davom etayotgan Amur gaz-kimyo majmuasi qurilish maydonida yuz bergan yong‘inda yetti kishi halok bo‘lgani, to‘qqiz kishidan esa darak yo‘qligi bildirildi.

Majmua matbuot xizmati bergan bayonotda kecha obyektda yuz bergan yong‘in haqida ma’lumot berildi.

Bayonotda qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana to‘rt nafar Xitoy fuqarosining jasadi topilgani bildirildi. Shu tariqa yong‘inda halok bo‘lganlar soni yetti nafarga yetdi. Ulardan biri Rossiya, olti nafari esa Xitoy fuqarosidir.

Pudratchi kompaniyada ishlagan to‘qqiz nafar Xitoy fuqarosining taqdiri hozircha noma’lum ekani va qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani qayd etildi. Hodisadan so‘ng 152 kishi tibbiyot muassasalariga murojaat qilgan, turli darajada jarohatlangan 36 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Bayonotda qurilish maydonidagi yong‘in o‘chirilgani, hududdagi aholi yashash joylari havosida zararli moddalar miqdori belgilangan me’yordan oshmagani ta’kidlandi.

Rossiyaning “Sibur” va Xitoyning “Sinopec” kompaniyalari tomonidan qurilayotgan Amur gaz-kimyo majmuasi dunyodagi eng yirik polimer va gaz-kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalardan biriga aylanishi kutilmoqda.