Demokratlar partiyasi yetakchisi Yair Golan X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida “bu Isroil uchun qiyin tong” bo‘lganini yozdi.
“Isroillik fuqarolar bugun ertalab AQSh va Eron o‘rtasida, Isroilni butunlay chetlab o‘tgan holda erishilgan kelishuv xabari bilan uyg‘ondi,” — deya ta’kidladi Golan.
Uning da’vo qilishicha, “birgina imzo bilan” AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron uchun amalda nafas olish imkonini beruvchi bitimni imzoladi, ayni paytda esa Netanyahu “chetda turgan, qudratsiz, kasal, yolg‘iz va samarasiz” bir ahvolda qoldi. Golan bu vaziyatni yillar davomida olib borilgan noto‘g‘ri siyosat va muvaffaqiyatsizliklarning cho‘qqisi deb ta’riflab, “Netanyahu Isroil tarixidagi eng katta strategik mag‘lubiyatning otasiga aylandi,” — dedi.
Isroil Bosh vazirini mamlakatning strategik ittifoqlariga putur yetkazganlikda va eng muhim pallada uni xalqaro maydonda izolyatsiyalab qo‘yganlikda ayblab, Golan shunday qo‘shimcha qildi: “Netanyahu Hamasga, Eronga va Hizbullohga foyda keltirmoqda. U Isroilga foyda keltirmaydi. Netanyahuni hokimiyatdan chetlatish nafaqat siyosiy zarurat, balki mamlakatning mavjudligiga oid milliy xavfsizlik zaruriyatidir.”
‘Netanyahu ishonchni butunlay yo‘qotdi’
Muxolifatdagi "Yashar" partiyasi yetakchisi hamda Isroil armiyasi (SOHAL) sobiq Bosh shtab rahbari Gadi Eyzenkot ham X tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida AQSh-Eron kelishuvini “Isroil milliy manfaatlariga mutlaqo zid” deb atadi.
Eyzenkotning qayd etishicha, Netanyahu ham Isroil jamoatchiligining, ham mamlakatning eng yaqin ittifoqchilari ishonchini butunlay yo‘qotgan. U Bosh vazirning ushbu og‘ir vaziyatda xalq qarshisiga chiqib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qila olmaganini hamda isroilliklar mazkur kelishuv haqida o‘z rahbarlaridan emas, balki xorijiy davlat arboblarining bayonotlaridan xabar topganini keskin qoraladi.
‘Eng yirik strategik mag‘lubiyat’
Muxolifatdagi “Ko‘k va oq” partiyasi yetakchisi Benni Gants X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan munosabatida, Isroil hech qanday sharoitda Livandagi harbiy ishtirokini cheklashni yoki u yerdan qo‘shinlarini olib chiqishni qabul qilmasligi kerakligini uqtirdi.
Gants AQSh-Eron kelishuvi Isroil uchun ulkan strategik mag‘lubiyat ekanini va bu mamlakatni yillar davomida og‘ir siyosiy, harbiy hamda huquqiy kurashlar girdobida qoldirishini aytdi.
Vashington va Tehron o‘rtasidagi bitimga nafaqat muxolifat, balki Netanyahu kabinetining bir qator nufuzli a’zolari ham qattiq e’tiroz bildirishdi:
Moliya vaziri Betsalel Smotrix erishilgan ushbu o‘zaro anglashuvni “Isroil uchun juda yomon va g‘oyat xavfli” deb atadi.
Mudofaa vaziri Israel Kats esa, imzolangan bitimdan qat’i nazar, Isroil armiyasi ayni paytda Janubiy Livan, Suriya va G‘azo sektorida egallab turgan hududlarida o‘z harbiy mavjudligini muddatsiz saqlab qolishini ma’lum qildi.
Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham kelishuvga keskin va radikal munosabat bildirib, shunday e’lon qildi: “Trampning kelishuvi bizni zarracha ham bog‘lamaydi. Isroil AQShning qandaydir bir koloniyasi yoki mustamlakasi emas!”


















