Isroil davom etayotgan sulhga qaramay, G‘azoda uyushtirgan so‘nggi hujumlarida to‘rt nafar falastinlikni o‘ldirdi, yana to‘rt kishini yaraladi.
Sog‘liqni saqlash manbalari yakshanba kuni Anadolu agentligiga bergan bayonotida, G‘azoning markazidagi Dayr al-Balah shahriga uyushtirilgan Isroil hujumi oqibatida uch nafar falastinlik halok bo‘lganini bildirdi.
Guvohlarning aytishicha, Isroilning insonsiz havo transporti Dayr al-Balahdagi al-Aqso Shahidlari shifoxonasi yaqinida joylashgan oziq-ovqat tarqatish markazini nishonga olgan.
Sog‘liqni saqlash manbalari ma’lum qilishicha, Isroil droni Xon Yunusda falastinliklar to‘plangan hududni nishonga olishi oqibatida yana bir falastinlik halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan.
Shu bilan birga, mahalliy manbalar va guvohlar yakshanba tongida ko‘plab Isroil harbiy texnikalari Xon Yunus sharqidagi Bani Suhayla hududiga o‘q uzish va artilleriya bombardimoni ostida kirib kelganini bildirdi.
Manbalarga ko‘ra, texnikalar “Sariq chiziq”ni belgilovchi beton to‘siqlarni al-Raqab va al-Fajm mahallalarida o‘nlab metr g‘arbga surgan, bu esa Isroil bosib olgan hududlarning amalda kengayishiga olib kelgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiy buldozeri hududdagi ko‘plab uylarni buzib tashlagan.
Shuningdek, ikki hududdagi ko‘plab oilalar Xon Yunusning markaziy va g‘arbiy qismlariga ko‘chishga majbur bo‘lgan.
“Sariq chiziq” AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azodagi urushni tugatish uchun taqdim etilgan rejaning ikkinchi bosqichi doirasida Isroil kuchlari G‘azo ichida chekingan chegarani anglatadi.
Ushbu chiziq Isroil to‘liq nazorat qilayotgan hududlar bilan falastinliklarning turishiga ruxsat berilgan hududlarni ajratib turadi.
2023 - yilning oktabr oyidan buyon Isroil G‘azoda, asosan ayollar va bolalardan iborat, 72 ming 600 nafardan ortiq kishini o‘ldirdi, 172 ming nafardan ortiq insonni yaraladi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi 2025 - yilning 10 - oktabrida kuchga kirgan sulhga qaramay hujumlarini davom ettirgan va bu hujumlarda 870 nafardan ortiq inson halok bo‘lgan, 2 ming 540 nafardan ortiq inson esa yaralangan.






















