Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining ayni paytdagi va sobiq falastinlik talabalar hamda xodimlari sudga da’vo arizasi kiritdi. Hujjatlarga ko‘ra, 2023-yil oxiridan beri universitet falastinlik hamjamiyatga nisbatan kamsituvchi munosabatda bo‘lib kelgan.
Da’voda Kolumbiya universiteti falastinlik talabalar va xodimlarni tajovuzdan himoya qilmaslikda hamda ularni nohaq va bir tomonlama intizomiy tinglovlarga tortishda ayblanmoqda. Universitet esa avvalroq kamsitishlarni inkor etib, har qanday nafrat ko‘rinishlarini qoralagan edi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil oktabrda Isroilning G‘azodagi harakatlaridan so‘ng Kolumbiya universiteti va AQSh bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlangandi. Talabalar AQShning Isroilga harbiy yordamini to‘xtatishni va universitetlardan Isroil bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalardan mablag‘larini chaqirib olishni talab qilgan.
2025-yil may oyida Kolumbiya universiteti bosh kutubxonani egallab olgan falastinparast namoyishlar ortidan 65 dan ortiq talabani chetlatgan edi. Bu jarayon AQSh ma’muriyati universitetni antisemitizmga qarshi yetarlicha chora ko‘rmaganlikda ayblab, federal moliyalashtirishni to‘xtatgan vaqtga to‘g‘ri kelgandi.
So‘z erkinligini himoya qiluvchi guruhlar universitet ma’muriyatining namoyishlarga qarshi qattiq choralarini, jumladan talabalarning hibsga olinishi, chetlatilishi va diplomlari bekor qilinish holatlarini keskin tanqid qilib kelmoqda.


















