TURKIYA
5 daqiqa o'qish
Fidan: Ho‘rmuz bo‘g‘ozida urushdan oldingi holat tiklanishi lozim
Hakan Fidan hamkasbi Jayxun Bayramov bilan Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ortidan tashkil etilgan mushtarak matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Fidan: Ho‘rmuz bo‘g‘ozida urushdan oldingi holat tiklanishi lozim
_

Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Ozarbayjon Tashqi Ishlar vaziri Jayxun Bayramov bilan Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ortidan tashkil etilgan mushtarak matbuot anjumanida so‘zga chiqdi.

Turkiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik tufayli juda muhim muammolarni hamkorlikda mehnat qilib yengib o‘tganliklarini ta’kidlagan Fidan: «Turkiya – Ozarbayjon munosabatlari mustahkam rishtalar bilan chambarchas bog‘langan, ‘bir millat, ikki davlat’ tamoyili asosida harakat qiladigan va turkiy tarixning taraqqiyotini eng yuksak cho‘qqilarga olib chiqishga intiladigan munosabatlar bo‘lib kelgan. Bu boradagi yetakchiligi uchun prezidentlarimizga ham minnatdorligimizni bildirmoqchimiz», - dedi.

Boku – Tbilisi – Kars temiryo‘l liniyasi O‘rta koridorning eng muhim tarkibiy qismi

Boku – Tbilisi – Kars temiryo‘l liniyasini O‘rta koridorning eng muhim tarkibiy qismi deb bilishlarini ta’kidlagan Hakan Fidan ushbu liniyadan samarali foydalanishni istayotganliklarini bildirdi.

Hakan Fidan Turkiya – Ozarbayjon munosabatlarini ittifoqchilik darajasiga olib chiqish orqali mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratilganini qayd etib: «Qurolli kuchlarimiz o‘rtasida o‘tkazilayotgan qo‘shma mashg‘ulotlar, ta’lim va tajriba almashinuvi faoliyatlari, shuningdek, mudofaa sanoati tashkilotlarimiz o‘rtasida tobora chuqurlashib borayotgan hamkorlik ushbu sheriklikning amaldagi aniq ko‘rinishlaridir. Kelgusi davrda ham bu sohadagi ishlarimizni o‘zaro ehtiyojlar va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib rivojlantirishga qat’iy bel bog‘laganmiz», - dedi.

Qorabog‘ ishg‘ol ostida bo‘lgan yillar davomida Turkiya Ozarbayjonning «haqli kurashi»ni qo‘llab - quvvatlaganini yodga solgan Fidan bugungi kunda ham ustuvor maqsadlari mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni doimiy ravishda ta’minlash ekanini qayd etdi.

Hakan Fidan Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasida yakuniy tinchlikka erishish yo‘lida so‘nggi paytlarda erishilgan yutuqlar hamda Ozarbayjonning bu boradagi konstruktiv pozitsiyasini mamnuniyat bilan kuzatayotganliklarini bildirdi.

Ushbu jarayon yakuniga yetishi bilan mintaqada yangi hamkorlik davri boshlanishiga ishonch bildirdi. Hakan Fidan: «Janubiy Kavkaz mojarolar bilan emas, balki tinchlik, transport, energetika, savdo va iqtisodiy taraqqiyot bilan tilga olinishini istaymiz. Turkiya bilan Ozarbayjon birodarligining kuchi ushbu maqsadga erishishda muhim rol o‘ynashda davom etadi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida imkon qadar tezroq urushdan oldingi holatga qaytish kerak

Qo‘shni Eron mamlakatidagi voqealar Turkiya bilan Ozarbayjonni juda yaqindan qiziqtirishini ta’kidlagan Tashqi Ishlar vaziri Fidan mavzu haqida quyidagilarni ifoda etdi:

«Eronning xavfsizligi, barqarorligi va farovonligi, tabiiyki, mintaqamizga to‘g‘ridan - to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan, mavjud nizoning imkon qadar tezroq diplomatik yo‘llar bilan hal etilishini istaymiz. So‘nggi paytlarda avj olgan o‘zaro hujumlar tinchlik sa’y - harakatlariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Mintaqadagi keskinlikni oshirayotgan ushbu harakatlar darhol to‘xtatilishi kerak. Shu bilan birga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavfsiz, uzluksiz va erkin qatnovga ruxsat berilishi hamda imkon qadar tezroq urushdan oldingi holatga qaytilishi lozim. Inqirozni hal etish va mintaqada tinchlik hamda xavfsizlikni ta’minlash uchun barcha tegishli tomonlar bilan aloqalarimizni uzluksiz davom ettirmoqdamiz».

«Rossiya – Ukraina urushining Qora dengizga ham yoyilishini qabul qilish imkonsiz».

Hakan Fidan hamkasbi Bayramov bilan 4,5 yildan ortiq davom etayotgan Rossiya – Ukraina urushi va uning mintaqaga ta’sirini ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘lganliklarini ifoda etib, urushdagi keskinlashuv Qora dengiz havzasiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. U inqiroz boshlanganidan buyon vaziyat Qora dengizga o‘tmasligi uchun zarur choralar ko‘rilganini yodga soldi.

Fidan Montryo bo‘g‘ozlar konvensiyasini qat’iy qo‘llashlari va Qora dengiz don tashabbusini amalga oshirishlari orqali ushbu maqsadga so‘nggi davrgacha muvaffaqiyatli erishilganini bildirib, quyidagilarni qayd etdi:

«Biroq so‘nggi oylarda Qora dengizda harbiy bo‘lmagan kemalarga qarshi hujumlarning ko‘payishi mintaqada insonlar hayoti, mol - mulk, kemalar harakati va atrof - muhit xavfsizligiga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Afsuski, ushbu hujumlarda turkiyalik va ozarbayjonlik dengizchilarimiz ham halok bo‘ldi. Urushning Qora dengizga ham yoyilishi va fuqarolarimiz hayoti hamda kompaniyalarimiz faoliyatiga tahdid solishini qabul qilish imkonsizdir».

O‘rta koridorning global savdo uchun ahamiyati

Ozarbayjon bilan Turkiya amalga oshirilishida katta rol o‘ynagan O‘rta koridor global savdo uchun muhim ekanini ta’kidlagan Hakan Fidan Naxchivon orqali Turkiya – Ozarbayjon bog‘liqligini ta’minlash turk dunyosining o‘zaro kirish imkoniyatlari nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Hakan Fidan turk dunyosining Anado‘lu va Yevropaga, Turkiyaning esa Kaspiy dengizi orqali turk dunyosiga chiqishini ta’minlaydigan ko‘z qarashga ega ekanini ifoda etib, Zangezur koridoriga va uning to‘ldiruvchi qismlaridan biri bo‘lgan Kars – Ig‘dir – Aralik – Diluchu temiryo‘l liniyasi qurilishiga e’tibor qaratdi.

Turkiya bilan Ozarbayjonning bu borada ikki yildan beri olib borayotgan muzokaralari hamda davlat rahbarlari kelishib olgan ko‘z qarashni nazarda tutgan Fidan: «Hozirda qurilish ishlari davom etmoqda. Nasib qilsa, 2029 - yilning oxirlariga borib Kars – Diluchu temiryo‘li bitkaziladi. Shunday qilib, Ozarbayjondan keladigan poyezd uzluksiz ravishda Turkiyagacha yetib kelish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu biz uchun muhim logistika imkoniyatiga aylanadi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Rossiya – Ukraina urushi

Fidan Rossiya – Ukraina urushidagi voqealar haqidagi savolga javoban Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning bu borada bildirgan siyosiy irodasini diplomatik yo‘l bilan amalda ro‘yobga chiqarish uchun turli tashabbuslarni ilgari surayotganliklarini ifoda etdi. U ikki tomon bilan munosabatlardan samimiy tarzda foydalanib, yillar davomida Don kelishuvi va asirlar almashinuvi kabi jarayonlarga hissa qo‘shganliklarini bildirdi.

Hakan Fidan Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida Istanbulda uyushtirilgan muzokaralar natijasida tinchlik bitimi matnini imzolashga juda yaqin kelganliklari ammo jarayon tamomlanmaganini ifoda etdi. Shuningdek, tomonlarni Turkiyada ochiq va yopiq formatlarda ko‘p marotaba bir joyga to‘plash bo‘yicha faoliyat olib borilganini bildirdi.

Urushning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri va tarqalish xavfi

Ushbu urushning davom etishi nafaqat mintaqaga, balki jahon iqtisodiyotiga ham ziyon yetkazayotganini ta’kidlagan Hakan Fidan AQSh Prezidenti Donald Tramp dizel yoqilg‘isi narxining oshishiga sabab sifatida Rossiya – Ukraina urushini ko‘rsatganini yodga soldi.

Hakan Fidan energetika infratuzilmalariga hujum qilinmasligi borasida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvga erishish va moratoriy e’lon qilish taklif etilgani, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), AQSh, Turkiya va yana bir necha davlat bu borada qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirayotganini qayd etdi.

Ayniqsa, Qora dengizga alohida e’tibor bergan holda ishlar davom etayotganini bildirgan Fidan: «Bu borada tomonlar bilan muzokaralarimiz bor, takliflarimiz bor. Tomonlarning bizga bergan javoblari mavjud. Ushbu javoblarni muvofiqlashtirish va ular asosida kelishuvga erishish mumkin bo‘lgan holatni shakllantirish uchun ham ish olib bormoqdamiz», - dedi.

Hakan Fidan urush so‘nggi bir yil ichida eskirish urushiga qaraganda vayron qilish urushiga aylanganini yana bir bor ta’kidlab: «Bugungi kunda nishonga olinmayotgan hech qanday joy qolmadi. Aholi yashash joylarini ataylab nishonga olishni hisobga olmaganda ham, barcha tijorat obyektlari, infratuzilma va ustki tuzilmalar nishonga olinmoqda. Fuqarolar orasidagi qurbonlar soni ham tobora ortib borayotganini ko‘ryapmiz. Biz bu manzaraning qayerga borishini, afsuski, urushni va jang qilishni yaxshi biladigan xalq sifatida boshidanoq aytgan edik», - dedi.