Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan 15 – 16 - sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘lib qaytadi.
Tashqi Ishlar vazirligi manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra Hakan Fidan Ozarbayjonga bo‘lgan tashrifi doirasida Tashqi Ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan ikki tomonlama va delegatsiyalararo muzokaralar o‘tkazadi. Shuningdek, Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zakir Hasanov bilan uchrashadi.
Hakan Fidanning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan qabul qilinishi ham kutilmoqda.
Uchrashuvlarda Hakan Fidan strategik darajada rivojlanib borayotgan Turkiya – Ozarbayjon munosabatlarida erishilgan natijalardan mamnun ekanini bildirishi, ikki davlat prezidentlari tomonidan belgilangan 15 milliard dollarlik umumiy savdo hajmiga erishish uchun olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidlashi, energetika va transport sohalaridagi umumiy kun tartibi hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Tashqi Ishlar vaziri Fidan muzokaralarda ikki ittifoqchi davlat o‘rtasida mudofaa sanoati, xavfsizlik va harbiy sohalarda davom etayotgan hamkorlik bilan bog‘liq masalalarni baholashi, shuningdek, Turk Davlatlari Tashkiloti (TDT) boshchiligida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p tomonlama platformalardagi mavjud hamkorlikni ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Uchrashuvlarda Hakan Fidan Turkiya yaqinda mezbonlik qiladigan Turk Davlatlari Tashkilotining 13 - sammiti va COP31 bo‘yicha ham maslahatlashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.
Hakan Fidan muzokaralarda Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun tarixiy imkoniyat yuzaga kelganini ta’kidlashi, Turkiya tomonlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishni qo‘llab - quvvatlashi va erishilgan ijobiy o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qabul qilayotganini bildirish kutilmoqda.
Turkiya Qorabog‘ hududlarida infratuzilmani rivojlantirish, energetika va savdo yo‘llarini qayta tiklash hamda mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirishi kutilayotgan Tashqi Ishlar vaziri Fidan uchrashuvlari davomida mintaqadagi va xalqaro maydondagi dolzarb voqealar yuzasidan ham fikr almashishi kutilmoqda.























