Yannis Marinos Yunonistonda chop etiladigan To Vima gazetasidagi maqolasida Turkiya o‘z salohiyati va strategik qadamlari tufayli mintaqaviy kuchga aylanganiga e’tibor qaratdi.
Maqolada Turkiyaning mavjud imkoniyatlarini mintaqadagi hech bir davlat e’tiborsiz qoldira olmasligi bildirildi.
“Turkiyaning nominal yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 1,6 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich Turkiyani Yaqin Sharqdagi eng yirik iqtisodiyotga aylantirmoqda.
2025-yilga kelib umumiy savdo hajmi 635 milliard dollarga yetgan Turkiya eksportida Yevropa Ittifoqi davlatlari 41,5 foizlik ko‘rsatkich bilan eng katta ulushni egallagan. Yaqin va O‘rta Sharq davlatlarining ulushi esa 17 foizni tashkil etgan”.
NATOning ikkinchi yirik armiyasi va mudofaa sanoatidagi yuksalish
Marinos Turkiyaning harbiy salohiyatiga ham keng o‘rin ajratdi.
Turkiya Qurolli kuchlari NATO doirasida AQShdan keyingi ikkinchi yirik armiya ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Turkiya mudofaa sanoatining so‘nggi yillardagi yuksalishiga e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili eksport hajmini 10 milliard dollarga yetkazgan soha so‘nggi besh yil ichida eksportini uch barobar oshirib, ulkan o‘sishga erishgani qayd etildi.
Atrofdagi davlatlar bilan ko‘p qirrali diplomatiya
Maqolada Turkiyaning qo‘shni va mintaqa davlatlari bilan olib borayotgan diplomatik aloqalari ham batafsil yoritildi.
Suriyadagi yangi ma’muriyat Turkiyaning muhim ittifoqchisi ekani ta’kidlandi. Qatar bilan an’anaviy ittifoqchilik munosabatlari davom etar ekan, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari bilan yaqinlashuv iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar sifatida aks etgani bildirildi.
Iroq va Erbil ma’muriyati bilan imzolangan kelishuvlar mintaqa neftini tashishda muhim tranzit yo‘nalishini shakllantirgani qayd etildi.
Turkiyaning 560 kilometrlik umumiy chegarasi to‘rt asrdan buyon o‘zgarmagan Eron bilan munosabatlari esa mintaqaviy raqobatga qaramay, muayyan muvozanat va ishonch muhitini ta’minlagani ta’kidlandi.

















