Eronning Iordaniyadagi bazaga bergan zarbasi oqibatida AQSh samolyotlari shikastlandi.
«CBS News» telekanali vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib tarqatgan xabarga ko‘ra, Eronning Iordaniyadagi Muvaffaq Salti aviabazasiga bergan zarbalari natijasida bir nechta AQSh harbiy samolyoti shikastlangan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, taxminan sakkizta F-15 qiruvchi samolyoti yengil shikastlangan, ammo keyinchalik yana xizmatga qaytarilgan.
Shuningdek, «Warthog» nomi bilan tanilgan bitta A-10 Thunderbolt hujumchi samolyoti ham zarba olib, qanotidan ayrilgani aytilmoqda. Iordaniyadagi hujumlar oqibatida AQSh harbiylari orasida o‘lim holatlari qayd etilmagani bildirildi.
«CBS News» muxbiri Jennifer Jacobs X ijtimoiy tarmog‘ida: «Taxminan sakkizta F-15 yengil shikastlandi va xizmatga qaytarildi», deb yozdi. Mazkur shikastlanishlar AQSh seshanba kuni Eronning dengiz kemasini nishonga olishiga javoban beshta Eron tankeriga zarba berganini e’lon qilganidan keyin yuz berdi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi keyinchalik sakkizta tanker va ikkita urush kemasiga, shuningdek Iordaniyadagi AQSh bazasiga hujum uyushtirilganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, Iordaniyadagi AQSh kuchlari Eron hujumlariga qarshi mudofaa chorasi sifatida 30 dan ortiq «Patriot» raketalarini ishga tushirgan.
Ushbu zarbalar AQSh rasmiylari «Patriot» raketalari va boshqa aniq boshqariluvchi o‘q-dorilar zaxirasi tez kamayib borayotganidan xavotir bildirgan bir paytda sodir bo‘ldi.













