DUNYO
2 daqiqa o'qish
Malayziyada yuz bergan vertolyot halokatida 5 kishi halok bo‘ldi
Malayziyaning Havo shifokorlari xizmatiga oid bir vertolyot Saravakda quladi va voqea oqibatida besh kishi halok bo'ldi.
Malayziyada yuz bergan vertolyot halokatida 5 kishi halok bo‘ldi
_

Malayziya rasmiylari Borneo orolining shimoli - g‘arbiy sohilidagi Saravak shtatida, ichki hududlardagi olis aerodrom yaqinida vertolyot qulab tushishi oqibatida besh kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Tabiiy ofatlarni boshqarish idorasi rasmiylarining chorshanba kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra mamlakatning «Havo shifokorlari xizmati» (Flying Doctor Service) tomonidan boshqarilgan BO - 105 rusumli vertolyot seshanba kuni tushdan keyin Miri shahridan taxminan 315 kilometr janubi - sharqda qulab tushgan.

Miri tabiiy ofatlarni boshqarish boshlig‘i Galong Luang bergan bayonotida: «O‘t o‘chirish va qutqaruv xizmati (Bomba) hamda Sog‘liqni Saqlash vazirligidan olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlanganidek, bortdagi besh kishining barchasi halok bo‘lgan» - dedi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra halok bo‘lganlar orasida uchuvchidan tashqari bir shifokor, bir tibbiy xodim yordamchi va ikki nafar hamshira bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan avariya tasvirlarida vertolyot qulashidan biroz oldin, undan quyuq tutun chiqayotgani ko‘rinadi.

Malayziya Harbiy bo‘lmagan aviatsiyasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, Malayziyaning havo halokatlarini tergov qilish guruhi chorshanba kuni voqea joyiga yetib borishi kutilmoqda. Halokatga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.

Malayziyaning «Havo shifokorlari xizmati» (Flying Doctor Service) mamlakatning ichki hududlaridagi qalin o‘rmonlar va murakkab relyef sharoitlari sababli asosan havo transportiga tayanadigan mahalliy jamoalarga tibbiy yordam ko‘rsatadi.

Odatda shifokor, tibbiy xodim yordamchisi, hamshiralar va boshqa tibbiy xodimlaridan iborat guruhlar har oy yoki ikki oyda bir marta rejalashtirilgan navbatchiliklar doirasida vertolyot yoki kichik samolyotlarda qishloqlar va uzun, an’anaviy jamoaviy uylar (longhouse)ga boradilar.