Livan rasmiy axborot agentligi NNA xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi tungi soatlarda Kafr Rumman shaharchasiga hujumlar uyushtirdi. Isroil harbiy samolyotlari Kafr Rummanda Dani Farhat ismli livanlikka tegishli uch qavatli binoni bombardimon qilishi oqibatida, ikki nafari chaqaloq bo‘lgan 9 kishi halok bo‘ldi, 5 kishi yaralandi.
Shaharchada Isroil armiyasiga tegishli uchuvchisiz uchish apparatlari fuqarolik avtomobilini nishonga olishi oqibatida esa ikki nafar tibbiyot xodimi hayotdan ko‘z yumdi.
Isroil armiyasi Livan janubidagi Yuqori Nabatiya va Arabsalim shaharchalariga ham havo hujumlari uyushtirdi.
Halok bo‘lganlar orasida tez tibbiy yordam xodimlari ham bor
Livanda faoliyat yurituvchi Al Mayadeen telekanali xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi Kafr Rumman shaharchasida harakatlanayotgan tez tibbiy yordam mashinasini bevosita nishonga oldi. Hujum oqibatida bir nafar tez tibbiy yordam xodimi halok bo‘ldi, avtomobildagi ikki kishi esa yaralandi.
Mahalliy matbuot xabarlarida halok bo‘lgan tez tibbiy yordam xodimi Ali Shahrur ismli yigit ekani bildirildi.
Hujumdan so‘ng hududga yuborilgan guruhlar yaradorlarni shifoxonaga olib bordi. Ayni paytda, rasmiy idoralar hujum yuzasidan hozircha bayonot bermadi.
















