Buyuk Britaniya hukumati ishg‘ol ostidagi Falastin hududlarida joylashgan noqonuniy manzilgohlar bilan savdo qilishni rasman taqiqlashga tayyorlanayotgan bir paytda, Isroil vazirlari Bezalel Smotrich va Itamar Ben-Gvir Isroildan Buyuk Britaniyaga qarshi sanksiyalar joriy etish, Britaniya elchisini mamlakatdan chiqarib yuborish hamda Argentinaning Folklend orollari ustidan suverenitetini tan olishni talab qildi.
Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich X platformasida qilgan bayonotida Buyuk Britaniyaning Isroildagi elchisini zudlik bilan mamlakatdan chiqarib yuborishga chaqirdi.
“Britaniya elchisini shu kechaning o‘zida mamlakatdan chiqarib yuboring! Antisemit hukumat oyoqosti qiladigan poyandoz bo‘lmaymiz. Isroil zaminidagi Britaniya mandati nihoyasiga yetgan”, deb yozdi Smotrich.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham X platformasida ispan tilida bayonot berib, bosh vazir Binyamin Netanyaxuni Argentinaning Folklend orollari ustidan da’vosini tan olish orqali javob qaytarishga chaqirdi.
“Isroil davlati Malvinas orollari inglizlar tomonidan Argentina xalqining qo‘lidan zo‘rlik bilan tortib olingan, ishg‘ol ostidagi Argentina hududi ekanini ochiq tan oladigan vaqt keldi”, dedi Ben-Gvir.
Milibandning savdo taqiqi va uning diplomatik oqibatlari
Mazkur keskinlik Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ed Miliband seshanba kuni parlament a’zolari oldida nutq so‘zlab, mamlakatning Isroil bilan munosabatlarida “keng qamrovli qayta tartibga solish” deb ta’riflangan o‘zgarishlarni e’lon qilishga tayyorlanayotgan bir davrda yuzaga keldi.
Ushbu choralar Xalqaro sudning 2024-yildagi maslahat xulosasiga muvofiq, G‘arbiy Sohildagi noqonuniy manzilgohlardan keladigan tovarlar hamda moliyalashtirish va reklama xizmatlarini ham o‘z ichiga olgan ayrim xizmatlar savdosini Buyuk Britaniya tomonidan taqiqlashni nazarda tutadi.















