AQSH Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli harbiy kemaga qarshi yangi raketa hujumlariga urinish ortidan Eronning bir nechta neft tankeriga zarba berildi.
AQSH Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi ikki kun ichida ikki marta ballistik raketalar bilan Amerika harbiy kemasini nishonga olganidan so‘ng, AQSH kuchlari Eronga tegishli beshta xom neft tankerini yo‘q qilganini bildirdi.
CENTCOM harbiy kema har ikki hujumdan ham zarar ko‘rmay qutulgani va amerikalik harbiy xizmatchilardan hech kim jarohatlanmaganini ma’lum qildi. Shuningdek, tankerlar urib, yaroqsiz holga keltirilishidan avval ularning ekipajlariga kemalarni tark etish buyrug‘i berilgani qayd etildi.
Zarba berilgan beshta tanker Kaviz, Charminar, Horizon 1, Riesco va Derya ekani bildirildi. Ulardan to‘rttasi Ummon ko‘rfazida, bittasi esa Eronning Harg oroli yaqinida nishonga olindi.
Eronning Tasnim axborot agentligi bundan avval Fors ko‘rfazidagi Harg oroli yaqinida Eronga tegishli neft tankeriga AQSH raketasi kelib urilganini xabar qilgan edi.
Tanker seshanba kuni kechqurun oroldan qariyb to‘rt dengiz mili uzoqlikda nishonga olindi. Hodisada qurbonlar qayd etilmadi.
Tasnim ma’lumotiga ko‘ra, kema Harg orolining langar tashlash hududida AQSH kuchlari tomonidan otilgan snaryad bilan urilgan.
Mahalliy manbalar tanker ekipaji evakuatsiya qilinganini bildirdi.
Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB xabariga ko‘ra, mamlakatning Jask porti yaqinidagi Yekbani sohili yaqinida yana bir neft tankerida portlash yuz berdi.
Ayni paytda seshanba kuni jahon bozorlarida neft narxi ko‘tarilib, bir barrel uchun yana 100 dollar darajasiga yaqinlashdi. Yaqin Sharqdagi urush avj olishi ortidan fond bozorlari esa, umuman olganda, pasaydi.


















