Turkiy Davlatlar Tashkiloti ichki ishlar vazirlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida Qozog‘istonda bo‘lgan Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi poytaxt Ostonadan so‘ng Turkiston shahriga tashrif buyurdi.
Bu yerda Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi va Ahmad Yassaviy universitetini ziyorat qilgan vazir Chiftchi Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenov bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Xususan, transchegaraviy va kiberjinoyatlarga qarshi kurash, qidiruv faoliyati, migratsiya xavfsizligi, xodimlarni tayyorlash hamda tegishli bo‘linmalar o‘rtasidagi bevosita hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazirlar uchrashuvdan so‘ng Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi readmissiya bitimini imzoladi.
Vazir Sadenov o‘z nutqida Qozog‘iston va Turkiyani qardoshlik munosabatlari hamda yuqori darajadagi o‘zaro ishonch birlashtirib turishini, bu ikki mamlakat idoralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikda ham o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.
Tomonlar kelgusi davrda idoralar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashishni kengaytirish va xavfsizlikka oid dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma ishlarni kuchaytirishga kelishib oldi.
Readmissiya bitimi ikki mamlakat o‘rtasida migratsiya sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini mustahkamlashi hamda tomonlar hududida bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni qaytarish tartib-taomillarini belgilashi ko‘zda tutilmoqda.



















