Xitoy poytaxti Pekinda ob-havo keskin buzilib, kuchli jala davom etmoqda.
Favqulodda vaziyatlar tufayli hokimiyat shahar bo'ylab keng ko'lamli xavfsizlik choralarini ko'rdi. Jumladan, 300 dan ortiq sayyohlik maskanlari va lagerlar yopilib, 4 mingdan ziyod qishloq mehmonxonalari faoliyati to'xtatildi.
Shuningdek, 250 ta avtobus yo'nalishi va barcha sayyohlik qayiq xizmatlari vaqtincha to'xtatildi. 10 ta metro liniyasidagi poyezdlarga esa tezlikni pasaytirish buyurildi.
Aholini evakuatsiya qilish ishlari jadal bormoqda. Tog‘li va xavfli hududlarda yashovchilar xavfsiz joylarga ko'chirildi, shuningdek, 5 mingdan ortiq keksalar parvarishlash muassasalaridan evakuatsiya qilindi.
Ma'lum qilinishicha, shahardagi 3 mingdan ortiq qurilish maydonchalarida ishlar to'xtatilgan, suv omborlari esa ortiqcha sig'im yaratish uchun suvni chiqarishni boshlagan.
Milliy meteorologiya markazi payshanba tongigacha mamlakatning keng hududlarida kuchli yomg'irlar saqlanib qolishidan ogohlantirib, to'q sariq darajadagi xavf e'lon qildi.



















