Hukumat vakili tarqatgan kadrlarga ko‘ra, seshanba kuni Somalining Baydhabo shahrida Turkiyani va uning Somali bilan aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan namoyish bo‘lib o‘tdi.
Aksariyati ayollardan iborat ishtirokchilar minbar oldida Somali va Turkiya bayroqlarini ko‘tarib chiqishdi hamda ulkan Turkiya bayrog‘ini yoyishdi.
“Baydhaboda Somalining yonida turgan Turkiya hukumatining rolini qo‘llab-quvvatlash namoyishi o‘tkazilmoqda. Rahmat, Turkiya”, — deb yozdi Somali bosh vazirining muloqot va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha o‘rinbosari Nasra Bashir Ali ijtimoiy tarmoqda.
Ushbu namoyishlar 10-sentabr kuni Mogadishuda Turkiya Kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan mamlakatlar o‘rtasidagi chuqur ildiz otgan munosabatlar, strategik sheriklik va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilingan paneldan so‘ng tashkil etildi.
Juma kuni Somali prezidenti Hasan Shayx Mahmud Turkiyada o‘qishni tamomlab qaytgan “Gorgor” askarlari uchun uyushtirilgan marosimda Turkiyaning ko‘magini yuqori baholadi.
“Bizga yelka tutgan va ko‘mak bergan Turkiya xalqi hamda davlatini noumid qilmasligimiz kerak”, — dedi Mahmud.
“Turklar bizdan hech qanday mukofot, xizmat yoki evaziga biror narsa talab qilishmadi. Ular bizni o‘qitdi, qurollantirdi va faqat muvaffaqiyat qozonib, vatanimizga xizmat qilishimizni istashdi”.
Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an 2011-yilda Mogadishuga tashrif buyurganidan beri Turkiya Somaliyadagi ishtirokini izchil kengaytirib kelmoqda: u mamlakatga gumanitar va iqtisodiy yordam ko‘rsatmoqda, infratuzilmani rivojlantirishga sarmoya kiritmoqda hamda Somali xavfsizlik kuchlarini tayyorlamoqda.
Hamkorlikning kengayishi
Shundan buyon ikki davlat energetika, baliqchilik va dengiz xavfsizligi sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirdi.
2024-yilda Turkiya va Somali ikki tomonlama aloqalar hamda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash maqsadida mudofaa va iqtisodiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. 10 yillik muddatga mo‘ljallangan ushbu Mogadishu kelishuvi Somali hukumatining o‘z suverenitetini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini kuchli qo‘llab-quvvatlashini namoyon etdi.
2025-yil aprel oyida ikki mamlakat energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirib, quruqlikdagi uglevodorodlarni qidirish va qazib olish bo‘yicha bitim imzoladi. Mazkur kelishuv Turkiya neft korporatsiyasiga (TPAO) Somolida taxminan 16 ming kvadrat kilometr maydonni qamrab olgan uchta quruqlik blokida neft va gaz qidirish ishlarini boshlash imkonini berdi.
O‘tgan yili Turkiyaning OYAK sanoat guruhi va Somali Baliqchilik va ko‘k iqtisodiyot vazirligi baliqchilik sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha strategik sheriklik hamda xizmatlar ko‘rsatish kelishuvini imzoladi.
Shuningdek, Anqara joriy yilda Somolida kosmodrom qurilishini boshladi. Ushbu obyekt ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Somolida Turkiyaga ajratilgan yer maydonida barpo etilmoqda.
Anqaraning Afrikadagi eng yirik elchixonasi aynan Mogadishuda joylashgan bo‘lib, Turkiya bu yerda Somali milliy armiyasini tayyorlash uchun o‘zining chet eldagi eng yirik harbiy bazasini ham qurgan.






















