DUNYO
1 daqiqa o'qish
Eron: “AQSh bilan muzokara qilishning ma’nosi yo‘q”
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan bilan uchrashuvda: “Doimiy ravishda sanksiyalar qo‘llaydigan, suiqasdlar uyushtiradigan va kelishuvlarni buzadigan dushman (AQSh) bilan muzokara qilishning ma’nosi yo‘
Eron: “AQSh bilan muzokara qilishning ma’nosi yo‘q”
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon

Eron prezidentligi ma’lumotiga ko‘ra, Pezeshkiyon va Mirzoyan poytaxt Tehronda uchrashdi.

Pezeshkiyon uchrashuvdagi bayonotida: “AQSh bilan muammomiz shundaki, har safar muzokara stoliga o‘tirganimizda bizga urush majburan tiqishtiriladi”, dedi. U Vashington ma’muriyati muzokaralar davomida uch marta mamlakatiga hujum uyushtirganini ta’kidlab, bu “AQSh muloqotga intilmayotganini, aksincha, Eronni vayron qilish niyatida ekanini ko‘rsatadi”, deya baholadi.

Mamlakati yadroviy faoliyat borasida halolligini ko‘p marta isbotlaganini bildirgan Pezeshkiyon Eron Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik tomonidan eng ko‘p tekshiriladigan mamlakat ekanini, shunga qaramay, AQSh “asossiz da’volar” bilan Eronga bosim o‘tkazayotganini aytdi.

Pezeshkiyon, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) minbaridan yadroviy faoliyat bo‘yicha tekshiruv va muloqotga ochiq ekanliklarini bildirganini qayd etdi. Biroq har bir tekshiruv davomida Eronning yadroviy markazlari va olimlari aniqlanib, keyinchalik suiqasdlarga nishon bo‘lganini ta’kidladi.

AQSh Minobdagi maktabga uyushtirilgan hujum va unda halok bo‘lgan 168 bolaning o‘limi uchun javob bermaganini, shunga qaramay, inson huquqlari haqida gapirayotganini aytgan Pezeshkiyon: “Doimo suiqasdlar uyushtiradigan, sanksiyalar qo‘llaydigan, bosim o‘tkazadigan va kelishuvlarni buzadigan dushman (AQSh) bilan muzokara qilish mazmunli emas va xalqimiz buni qabul qilmaydi”, dedi.