Turkiya Oliy ta’lim kengashi (YÖK) bergan ma’lumotga ko‘ra, Kengash raisi Erol O‘zvar o‘zi ishtirok etgan dasturda oliy ta’lim kun tartibiga oid bayonotlar berdi.
Turkiyada bir nafar o’quvchi 12 yillik majburiy ta’limdan so‘ng 4 yillik bakalavriat dasturi bilan jami 16 yil kunduzgi ta’lim tizimi ichida qolishini ta’kidlagan Erol O‘zvar bitiruvdan keyin harbiy xizmat, amaliyot va ish qidirish jarayonlari ham qo‘shilishi natijasida yoshlarning mehnat faoliyatiga kirish yoshi ortib borayotganini bildirdi.
Bakalavriat dasturlarini 180 kredit asosida qayta tuzib, uch yilda tamomlash imkoniyati ustida ish olib borayotganliklarini ma’lum qilgan O‘zvar universitetlarni qariyb bir yildan beri bu jarayonga tayyorlayotganliklarini, tashrif buyurgan universitetlarining senat va boshqaruv kengashlaridan zarur ishlarni amalga oshirishni so‘raganliklarini qayd etdi.
«Fanlar soni kelgusi yildan boshlab qisqartiriladi»
Ta’lim muddati bilan bir qatorda universitetlardagi o‘quv yuklamasini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagan O‘zvar Turkiyada bakalavriat dasturlarida taxminan 60 ta fan mavjud bo‘lsa, Yevropada bu ko‘rsatkich 20–25 ta atrofida ekanini aytib o‘tdi.
Fanlar sonini qisqartirishga qaratilgan ishlar joriy yilda davom ettirilayotganini bildirgan O‘zvar kelgusi yilda tizim shu yo‘nalishda ishlay boshlashini e’lon qildi.
Fan mazmunlari ham yangilanishi kerakligini urg‘ulagan O‘zvar sun’iy intellekt darslar tarkibiga kiritilishi, talabalarning raqamli ko‘nikmalari va sun’iy intellekt savodxonligi rivojlantirilishi lozimligini qayd etdi.
Ehtiyoj kamayib borayotgan sohalarda tartibga solish ishlari olib borilar ekan, mehnat bozori talab qilayotgan yangi yo‘nalishlar oliy ta’lim tizimiga olib kirilayotganini ta’kidlagan O‘zvar so‘nggi uch yilda 80 ga yaqin yangi dastur turi yaratilganini, ularning qariyb uchdan ikki qismi kichik mutaxassislik (ön lisans), uchdan bir qismi esa bakalavriat darajasida ekanini ma’lum qildi.
Sun’iy intellekt, mashinaviy o‘rganish, ma’lumotlar ilmi va tahlili, avtonom tizimlar, robototexnika, kiberxavfsizlik hamda qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlashda raqamlashtirish kabi sohalarda ochilgan sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq dasturlar 160 ta universitetda 724 taga yetganini aytgan O‘zvar yangi dasturlarning to‘lish ko‘rsatkichi 100 foizga yaqinlashganini qayd etdi.
«Raqamli universitet platformasiga 233 mingta ariza topshirildi»
Raqamli ko‘nikmalarni universitet talabalari bilan bir qatorda bitiruvchilar va mehnat faoliyatidagi shaxslarga ham o‘rgatish maqsadida Raqamli universitet platformasini ishga tushirganliklarini eslatib o‘tgan O‘zvar mashg‘ulotlar bepul, onlayn, jonli va interaktiv tarzda o‘tilishini bildirdi.
Marmara universiteti, Bog‘ozichi universiteti, Istanbul texnika universiteti, Yaqin Sharq texnika universiteti va Yildiz texnika universiteti hissa qo‘shayotgan platformada 16 xil ta’lim yo‘nalishi mavjudligini aytgan O‘zvar joriy yilda 233 mingta ariza qabul qilinganini va taxminan 55 ming kishi mashg‘ulotlarda ishtirok etganini ma’lum qildi.
Texnologik transformatsiya bilan birga bilim, ko‘nikma va kompetensiyalar endilikda faqat universitetlarda egallanmasligiga e’tibor qaratgan O‘zvar joriy yilda yo‘lga qo‘yilgan mikro malaka amaliyoti orqali universitetdan tashqarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni YÖK belgilagan sifat standartlari doirasida transkriptga kiritish imkoniyati yaratilganini tushuntirdi.
«Stomatologiya va farmatsevtika talabalariga muhandislikda qo‘shaloq mutaxassislik imkoniyatini yaratamiz»
Muayyan muvaffaqiyat shartlariga javob beradigan stomatologiya va farmatsevtika yo‘nalishi talabalariga o‘z universitetlaridagi ayrim muhandislik dasturlarida qo‘shaloq mutaxassislik (ikkinchi asosiy yo‘nalish) bo‘yicha o‘qish huquqini berishni rejalashtirayotganliklarini bildirgan O‘zvar ikkala dasturni ham muvaffaqiyatli tamomlaganlar ikkita diplom olishini ta’kidladi.
O‘zvar ushbu amaliyotni 2027–2028-o‘quv yiligacha joriy etishni maqsad qilganliklarini qayd etdi.
Kasb-hunar oliy maktablari dasturlari ko‘proq talabalar tomonidan tanlanishini ta’minlash va ularning nufuzini oshirish maqsadida Prezident shafeligida yangi ish boshlanganini e’lon qilgan O‘zvar kasb-hunar oliy maktablari dasturlarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilishini bildirdi.
Mavjud amaliyot tizimi yetarli amaliy tajriba bermayotganini ta’kidlagan O‘zvar «Korxonada kasbiy ta’lim» modeli orqali talabalarning to‘rt semestrdan kamida birini korxonalarda o‘tkazishini maqsad qilganliklarini ma’lum qildi.
O‘zvar imkoniyat mavjud dasturlarda ikki semestr o‘quv yurtida, ikki semestr korxonada ta’lim olish modeli ham qo‘llanilishi mumkinligini aytdi.
Model dastlabki bosqichda Anqara, Bursa, Gaziantep, Istanbul, Izmir, Kojaeli va Konyada joriy etilishini qayd etgan O‘zvar talabalarning bitiruvdan oldin haqiqiy ish muhiti bilan ko‘proq tanishishini ko‘zlaganliklarini bildirdi.
«Tadqiqot universitetlari sifatli nashrlar bo‘yicha OECD o‘rtacha ko‘rsatkichiga yetdi»
Turkiya ilmiy mahsulot yaratishda so‘nggi yillarda muhim sur’atga erishganini ta’kidlagan O‘zvar oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarga ajratilayotgan mablag‘larning ortishi universitetlar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini urg‘uladi.
Oliy ta’lim kengashining asosiy siyosatlaridan biri universitetlarning raqobatbardoshligiga ko‘ra tabaqalanishini ta’minlash ekanini bildirgan O‘zvar Turkiyada 20 tasi davlat, 3 tasi vaqf (nodavlat) bo‘lgan jami 23 ta tadqiqot universiteti mavjudligini ma’lum qildi.
O‘zvar so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida Turkiya ilmiy nashrlar soni bo‘yicha dunyoda 35-o‘rindan 13-o‘ringa ko‘tarilgani haqidagi ma’lumot bilan bo‘lishdi.
Tadqiqot universitetlari sifatli nashrlar ko‘rsatkichida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) o‘rtacha darajasiga yetganini ta’kidlagan O‘zvar ushbu yutuqni Turk oliy ta’limining so‘nggi 40–50 yilda erishgan eng muhim natijalaridan biri sifatida baholadi.
«Xalqaro talabalarning iqtisodiyotga hissasi yiliga 3 milliard dollar»
Turkiyada taxminan 380 ming nafar xalqaro talaba tahsil olayotganini va 3 mingdan ortiq xorijiy akademik universitetlarda faoliyat yuritayotganini bildirgan O‘zvar Turkiya xalqaro talabalar harakatchanligi bo‘yicha dunyoda yetakchi 7 davlat qatorida ekanini e’lon qildi.
Xalqaro talabalarning 95 foizdan ortig‘i o‘qishini o‘z mablag‘lari hisobidan davom ettirayotganini aytgan O‘zvar ushbu talabalar Turkiya iqtisodiyotiga yiliga qariyb 3 milliard dollarlik hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Texnoparklar universitetlarda yaratilgan bilimlarning tadbirkorlikka aylanishida muhim rol o‘ynashini tushuntirgan O‘zvar akademiklarning laboratoriyalar va tadqiqot markazlarida amalga oshirgan ishlari intellektual mulk huquqlariga, kompaniya tashkil etishga va iqtisodiy qo‘shimcha qiymatga aylanishini istashlarini qayd etdi.























