Anqara mintaqaviy apellyatsiya sudi bosh muxolifat partiyasining 2023-yil noyabr oyida o‘tkazilgan 38-chi Oddiy qurultoyini bekor qildi. Sud qaroriga ko‘ra, Respublika Xalq Partiyasi (CHP) sobiq rahbari Kamol Qilichdaro‘g‘li (Kemal Kılıçdaroğlu) va uning ma’muriyati partiya boshqaruvini vaqtincha qayta qo‘lga olishi kerak.
Anqara Mintaqaviy apellyatsiya sudining 36-fuqarolik palatasi (BAM) 2023-yilning 4–5-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan hamda O‘zg‘ur O‘zel (Özgür Özel) rais etib saylangan qurultoyni “mutlaq haqiqiy emaslik” (mutlak butlan) sababli yaroqsiz deb topdi va uni o‘tkazilgan kunidan boshlab retroaktiv (orqaga qaytish kuchiga ega) tarzda bekor qildi.
Sud, shuningdek, ushbu qurultoyda saylangan O‘zg‘ur O‘zel, Markaziy ijroiya kengashi, Partiya majlisi va Oliy intizom kengashi a’zolarini sudning yakuniy qarori kuchga kirgunga qadar vaqtincha vazifasidan chetlatish haqida ko‘rsatma berdi. Yakuniy sud qarori qabul qilinguncha, 2023-yilgi qurultoyga qadar faoliyat yuritgan Qilichdaro‘g‘li va partiyaning avvalgi organlari muvaqqat asosda o‘z vazifalariga qaytishi belgilandi.
Ushbu qaror Anqara 42-fuqarolik birinchi instansiya sudi tomonidan 2025-yil 24-oktyabrda qabul qilingan hamda CHP qurultoyini bekor qilishni talab qilgan da’vo apellyatsiya palatasida ko‘rib chiqilgach e’lon qilindi. Palata quyi instansiya sudining “ish dolzarb bo‘lmagani sababli qaror qabul qilishga hojat yo‘q” degan hukmini bekor qilib, asosiy ish va unga ilova qilingan hujjatlar bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini qanoatlantirdi.
Bundan tashqari, sud 2023-yil noyabr oyidagi qurultoydan keyin partiya ichida o‘tkazilgan barcha oddiy va favqulodda qurultoylarni hamda ularda qabul qilingan qarorlarni huquqiy jihatdan yaroqsiz deb topdi. Shuningdek, xuddi shu asosga ko‘ra, 2023-yil 8-oktyabrda o‘tkazilgan CHP Istanbul viloyat qurultoyi va undagi barcha qarorlar ham bekor qilindi.
Qarorda O‘zg‘ur O‘zelning vaqtincha vazifadan chetlatilishi va Qilichdaro‘g‘li ma’muriyatining qayta tiklanishi bo‘yicha ehtiyot choralarini ijro etish uchun tegishli hujjatlar Oliy saylov kengashi, Anqara viloyat saylov kengashi, Chankaya 4-tuman saylov kengashi hamda Anqara gubernatorligiga yuborilishi ko‘rsatilgan.
Mazkur qaror yakdil (bir ovozdan) qabul qilingan bo‘lib, undan norozi taraflar ikki hafta ichida Kassatsiya sudiga shikoyat qilishlari mumkin.





















