TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya NATOga yoqilg‘i quvuri loyihasini taqdim etdi
Turkiyadan taklif qilingan harbiy yoqilg'i quvuri loyihasi NATO ittifoqchilarining sharqiy qanotidagi energiya ta'minotini kuchaytirishga qaratilgan kengroq paketning bir qismidir.
Turkiya NATOga yoqilg‘i quvuri loyihasini taqdim etdi
Milliy mudofaa vazirligi rasmiylari NATO yoqilg‘i quvuri loyihasi alyansning umumiy mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishini ma’lum qildi. / AA

Turkiya NATOga yoqilg‘i quvuri loyihasini taqdim etdi: Ittifoqning energetik xavfsizligi mustahkamlanadi

Turkiya chorshanba kuni NATOga harbiy yoqilg‘i quvuri liniyasini barpo etish loyihasini taqdim etdi. Mazkur tashabbus g‘arbiy qanotdagi ittifoqchilarning energiya ta’minotini mustahkamlashga mo‘ljallangan keng ko‘lamli paketning bir qismidir.

Milliy Mudofaa vazirligi vakillari haftalik matbuot anjumanida NATO Yoqilg‘i quvuri loyihasi ittifoqning birgalikdagi fondlari hisobidan moliyalashtirilishini ma’lum qildi. Bildirilishicha, ushbu paketni tasdiqlash jarayoni hozirda NATO doirasida davom etmoqda.

Loyiha Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi so‘nggi inqirozlar fonida strategik jihatdan g‘oyat muhim deb baholanmoqda. U NATOning yoqilg‘ini dengiz orqali tashishga bo‘lgan bog‘liqligini kamaytiradi, ta’minot barqarorligini ta’minlaydi va ittifoqchilar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni (operativ uyg‘unlikni) yaxshilaydi.

Vazirlik matbuot xizmati tomonidan anjumandan so‘ng e’lon qilingan bayonotda shunday deyiladi: “Biz taklif etayotgan loyiha boshqa muqobil variantlarga qaraganda besh baravar tejamkor bo‘lib, tasdiqlangan taqdirda, ancha qisqa muddat ichida ishga tushiriladi”.

Bayonotda, shuningdek, ushbu quvur liniyasining barpo etilishi ittifoqqa a’zo davlatlar badallaridan shakllanadigan NATO fondlarining iqtisodiy jihatdan samarali va unumli sarflanishini ta’minlashi alohida qayd etilgan.

Germaniya Turkiyadagi "Patriot" tizimini almashtiradi

Turkiyada joylashtirilgan havo mudofaa tizimlari haqida to‘xtalgan vazirlik vakillari, bu masala ittifoqchi davlatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda, joriy xavfsizlik vaziyatidan kelib chiqib, muntazam ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Hozirda Turkiyada navbatchilik qilayotgan Ispaniyaning "Patriot" havo mudofaa tizimidan tashqari, AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar ortidan NATO mintaqa uchun yana ikkita "Patriot" majmuasini ajratgan edi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, ushbu tizimlardan birini Germaniya harbiylari almashtiradi. Rotatsiya jarayoni shu yilning iyun oyida yakunlanishi kutilmoqda va Germaniya tizimi hududda taxminan olti oy davomida xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Turkiya Yevropa xavfsizligidagi strategik rolini namoyish etmoqda

Vazirlik rasmiylari Turkiyaning NATOdagi yetakchi o‘rnini yana bir bor urg‘uladilar. Bunga sabab sifatida mamlakatning ulkan tajribaga ega qurolli kuchlari, ittifoq missiyalaridagi faol ishtiroki, jadal rivojlanayotgan mudofaa sanoati hamda Yevropa, Qora dengiz, Kavkaz va Yaqin Sharq chorrahasida joylashgan strategik geografik o‘rni ko‘rsatildi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, Yevropa davlatlari Turkiyaning Yevropa xavfsizlik arxitekturasi kelajagidagi strategik ahamiyatini tobora ko‘proq e’tirof etayotgani hamda mudofaa, xavfsizlik va strategik yo‘nalishlarda Anqara bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirayotgani ta’kidlandi.