Turkiya dushanba kuni (18.05.2026) Isroilning G‘azoga insonparvarlik yordami olib ketayotgan «Global Sumud» flotiliyasiga bo‘lgan aralashuvini qoralab, bu holatni «yana bir qaroqchilik harakati» sifatida baholadi.
Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi tomonidan mavzu haqida berilgan bayonotda, Isroil kuchlari G‘azoga insonparvarlik yordami olib ketayotgan flotiliyaga aralashgani bildirildi.
Vazirlik bayonotida shunday deyiladi: «G‘azoga insonparvarlik yordamini yetkazish maqsadida tashkil etilgan Global Sumud flotiliyasiga xalqaro suvlarda Isroil kuchlari tomonidan amalga oshirilgan aralashuvni yana bir qaroqchilik harakati sifatida qoralaymiz».
Bayonotda flotiliya tarkibida dunyoning qariyb 40 davlatining fuqarolari borligi ta’kidlanib, Isroilning «tajovuz va qo‘rqitish siyosati» Falastin xalqi bilan xalqaro birdamlikni to‘xtata olmasligi qayd etildi.
Vazirlik, shuningdek, Isroilni aralashuvni zudlik bilan to‘xtatishga va qo‘lga olingan ishtirokchilarni hech qanday shartsiz ozod qilishga chaqirdi.
Turkiya rasmiylari flotiliyadagi turk fuqarolarining xavfsiz tarzda qaytishini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rayotgani hamda vaziyat boshqa davlatlar bilan hamkorlikda yaqindan kuzatilayotgani bildirildi.
Isroil armiyasi dushanba kuni (18.05.2026) G‘azoga yo‘l olgan «Global Sumud» insonparvarlik yordam flotiliyasiga qarshi xalqaro suvlarda hujum uyushtirdi. Flotiliya tomonidan olib borilgan jonli efirlarda Isroil dengiz kuchlari kemalarni birma - bir to‘xtatayotgani kuzatildi.
Isroilning Yedioth Ahronoth gazetasi esa flotiliyada qo‘lga olingan faollar, Ashdod portiga olib borilishidan oldin «suzuvchi qamoqxona» deb ta’riflangan harbiy - dengiz kemasiga o‘tkazilganini xabar qildi.
«Global Sumud» yordam flotiliyasi esa o‘z bayonotida G‘azoga insonparvarlik yordam yetkazib berish uchun «xavfsiz yo‘lak» talab qilib, Isroilni «noqonuniy qaroqchilik harakatlari»ni amalga oshirishda aybladi.
Flotiliya bayonotida shunday deyiladi: «Isroil kuchlari harbiy kemalar flotiliyasini to‘xtatayotgan paytda, qayiqlarimizdan birinchisiga xalqaro suvlarda, kunduz kuni hujum qilindi».
Bayonotda yana shunday deyilgan: «Qonuniy va zo‘ravonliksiz insonparvarlik missiyamiz uchun xavfsiz o‘tishni talab qilamiz».






















