Isroil armiyasi bilan noqonuniy ko‘chmanchilar ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning turli hududlarida uyushtirilgan hujumlar orqali falastinlik to‘rt kishini o‘ldirdi. Ular orasida bir yosh bolaning ham borligi aniqlandi.
Falastin Qizil Yarim oy jamiyati ma’lumotiga ko‘ra Isroil kuchlari shimoldagi Tulkarim shahrida joylashgan Nur Shams qochqinlar lageri yaqinida falastinlik 17 yoshar bola tomon o‘q uzgan.
Bola qo‘li va tizzasidan yaralangan bo‘lib, Qizil Yarim oy xodimlari tomonidan davolangan.
Insonparvarlik yordam tashkiloti shuningdek, Tulkarimda isroillik bosqinchilar hujumiga uchragan falastinlik bir kishini shifoxonaga olib borilganini ma’lum qildi.
G‘arbiy Sohil janubidagi al - Xalil shahrida esa noqonuniy isroillik ko‘chmanchi falastinlik yosh qizni yaralagan. Qizil Yarim oy xodimlari voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Qizil Yarim oy, Xalilda falastinlik yana bir kishi Isroil kuchlari tomonidan kaltaklanib yaralangani va davolanish uchun shifoxonaga olib ketilganini ham bildirdi.
Falastin manbalariga ko‘ra ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda, jumladan bosib olingan Sharqiy Quddusda taxminan 750 ming noqonuniy isroillik ko‘chmanchi yashaydi. Ularning 250 ming nafari Sharqiy Quddusda istiqomat qiladi.
Ko‘chmanchi posyolkalar xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy hisoblanadi.
2023 - yilning oktabr oyidan buyon Isroil kuchlari va noqonuniy ko‘chmanchilar ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil bo‘ylab bosqinlarni kuchaytirib; falastinlik kamida 1 ming 155 kishini o‘ldirdi, 11 ming 750 kishini yaraladi va qariyb 22 ming kishini hibsga oldi.

















