Turkiya Respublikasi Milliy Razvedka Tashkiloti (MİT) olib borgan razvedka ishlari natijasida ikki xil xorijiy maxfiy xizmat uchun ishlagan josuslik tarmog‘idagi 9 kishini birma-bir aniqladi. MİTning Anqara Respublika Bosh prokuraturasi va Anqara TEM bo‘limining “maxsus guruhlari” bilan hamkorlikda olib borgan tergovi doirasida 4 viloyatda bir vaqtning o‘zida maxsus amaliyot o‘tkazildi. Josuslik tarmog‘i boshlig‘i B.E. bilan birga 7 kishi qo‘lga olindi. Tarmoqdagi yana 2 kishining boshqa jinoyatlar sabab qamoqda ekani ma’lum bo‘ldi. Josuslik jinoyati bo‘yicha sud organlariga topshirilgan 7 kishining barchasi hibsga olindi.
Strategik operatsiya
B.E. va uning josuslik tarmog‘idagi shaxslar Turkiyadagi nodavlat tashkilotlari, uyushmalar, etnik guruhlar hamda davlat xizmatchilariga oid maxfiy ma’lumotlarni to‘plab, xorijiy razvedka xizmatlariga yetkazib turgan.
Tarmoq a’zolarining shubhali harakatlari MİT e’tiborini tortdi va keng qamrovli razvedka operatsiyasi boshlandi. B.E. hamda tashkilotning boshqa a’zolari olib borgan faoliyat jismoniy kuzatuv, kiber nazorat va texnik tinglov usullari orqali muntazam ravishda kuzatib borildi.
Vaqt o‘tishi bilan tarmoqning xorijiy xizmatlar bilan aloqalari, hisobot berish usullari, to‘lov tizimi va topshiriq mexanizmlari to‘liq qayd etildi.
B.E. va u boshqargan tarmoq uzoq vaqt davomida o‘z faoliyati yashirin va nazorat ostida emas deb o‘ylab, josuslik ishlarini davom ettirdi.
MİT olib borgan uzoq muddatli razvedka ishlari natijasida Turkiyaga qarshi josuslik faoliyati yuritgan tarmoqning markazidagi B.E. boshchiligidagi butun tashkiliy tuzilma to‘liq fosh etildi.
MİTdan katta muvaffaqiyat
Mazkur operatsiya orqali nafaqat tarmoq a’zolarining shaxsi, balki xorijiy razvedka xizmatining Turkiyadagi tarmoq tuzilmasi, aloqa protokollari va strategik maqsadlari ham ochib tashlandi.
MİT operatsiya davomida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar orqali milliy xavfsizlikni himoya qilishni ta’minladi hamda xorijiy maxfiy xizmatlarning usullarini batafsil tahlil qilish imkoniga ega bo‘ldi.


















