Ukraina poytaxti Kiyev Rossiya dronlari va raketalari tomonidan keng ko‘lamli hujumga uchragani xabar qilindi.
Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning payshanba kuni ertalab ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan dron parchalari shaharning turli tumanlaridagi binolarga, jumladan, turar joy majmualariga ham zarar yetkazgan.
Norasmiy Telegram kanallarida ko‘p qavatli uylarning ayrim qismlari yonayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar haqida axborot mavjud emas.
Ukraina Harbiy havo kuchlari, shuningdek, Rossiya raketalari mamlakatning boshqa hududlarini, xususan, shimoldagi Xarkiv, Sumi va Chernihiv hamda markaziy Poltava viloyatlarini nishonga olganini bildirdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichko ham poytaxtga qilingan shiddatli hujum haqida bayonot berdi.
“Dushman Kiyevga uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) va ballistik raketalar bilan zarba bermoqda”, — deb yozdi Klichko o‘zining Telegram kanalida va poytaxt “shiddatli dushman hujumi” ostida qolganini ta’kidladi.
Klichkoning qo‘shimcha qilishicha, payshanba kungi hujumlar natijasida besh qavatli turar joy binosiga zarar yetgan va avtoturargohdagi mashinalardan biri yonib ketgan. Shuningdek, u raketa bo‘laklari noturar joy binosi hududiga ham tushganini ma’lum qildi.


















