Ukrainalik rasmiylarga ko‘ra uch kunlik sulh muddati tugashi ortidan, Rossiya kuchlari bugun Kiyevga qarshi insonsiz havo transportlari orqali hujum uyushtirdi.
Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko Telegram orqali mavzu haqida bergan bayonotida:
«Dushman dronlari hozir Kiyev osmonida. Sirenalar tugaguncha, iltimos, xavfsiz joyda qoling» - dedi.
Mazkur ogohlantirish sulh kuchga kirishidan oldingi juma kunidan buyon poytaxtda tasdiqlangan ilk sirena bo‘ldi.
Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati aholiga boshpanalarda qolishni tavsiya qilib, hududda havo mudofaasi tizimlari faol bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp, Rossiyaning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba marosimlari (9 – 11 may) arafasida e’lon qilgan uch kunlik sulh; 2022 - yilning fevral oyidan beri davom etayotgan mojaroda «yakunning boshlanishi» bo‘lishidan umidvor ekanini bildirgan edi.
Ukraina bilan Rossiya esa sulhni buzgan va tinch aholini nishonga olgan hujumlar yuzasidan bir - birini aybladi.
















