DUNYO
2 daqiqa o'qish
Olimlar koronavirus va gripp viruslarini tovush to‘lqinlari bilan yo‘q qildi
Braziliyadagi University of São Paulo olimlari ultratovush to‘lqinlari yordamida koronavirus va gripp kabi viruslarni laboratoriya sharoitida zararsizlantirish mumkinligini aniqladi.
Olimlar koronavirus va gripp viruslarini tovush to‘lqinlari bilan yo‘q qildi
virus / AA

Tadqiqot davomida tibbiy tasvirlashda qo‘llanadigan 3–20 MHz diapazonidagi ultratovush chastotalari influenza A (H1N1) va koronaviruslar ustida sinovdan o‘tkazildi. Tajribalar natijasida yuqori chastotali tovush to‘lqinlari viruslarning tashqi qobig‘ini fizik jihatdan parchalashi kuzatildi.

Olimlarning ta’kidlashicha, tovush to‘lqinlari hosil qilgan mikroskopik tebranishlar virus qobig‘ini “portlatib yuboradi”. Tadqiqotchilar bu jarayonni “virus bilan baqirib kurashish”ga qiyoslamoqda.

Akustik rezonans usuli qo‘llanildi

Usul “akustik rezonans” tamoyiliga asoslanadi. Tovush to‘lqinining chastotasi virus qobig‘ining tabiiy tebranish chastotasiga mos kelganda, hosil bo‘lgan energiya faqat virus tuzilmasini nishonga oladi.

Tajribalarda sog‘lom hujayralarning harorati va pH darajasi o‘zgarmagani, ya’ni usul atrofdagi sog‘lom to‘qimalarga zarar yetkazmagan holda faqat viruslarni yo‘q qilishi mumkinligi qayd etildi.

Tadqiqotchilardan Odemir Martinez Bruno bu hodisa to‘liq geometrik xususiyatga ega ekanini bildirib, sharsimon viruslar ultratovush energiyasini samaraliroq yutishini aytdi. Olimlar fikricha, viruslar mutatsiyaga uchrasa ham, shakli o‘zgarmasa, ushbu usuldan qochib qutula olmaydi.

“Yashil” va qarshilik hosil qilmaydigan yechim

Mutaxassislar an’anaviy antiviral dorilarni ishlab chiqish uzoq va murakkab jarayon ekanini eslatib, ultratovush usuli chiqindi hosil qilmasligi va viruslarda dori bardoshliligini keltirib chiqarmasligi sababli ekologik toza yechim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Biroq usul hali klinik bosqichga yetmagan va hayvonlarda sinovdan o‘tkazilmagan. Shunga qaramay, tadqiqotchilar hozirdanoq Zika, dang isitmasi va Chikungunya viruslari ustida ham ish boshlagan.

Tadqiqot natijalari Scientific Reports jurnalida chop etildi.