Turkiya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, go‘yoki Anqara Somaliyadagi harbiy ishtirokidan ayrim siyosiy kuchlarga ta’sir o‘tkazish maqsadida foydalanayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi.
Chorshanba kuni Turkiya Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi (DMM) ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot berib, ushbu da’volarni “mutlaqo asossiz” deb atadi.
Markazning ta’kidlashicha, Turkiya ko‘p yillardan buyon xalqaro huquq me’yorlariga to‘liq muvofiq ravishda Somaliya Federal hukumati bilan qonuniy hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Somaliyada xavfsizlik, barqarorlikni ta’minlash hamda davlat institutlari salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
“Turkiyaning Somaliyadagi harbiy mavjudligi va o‘quv-mashg‘ulot faoliyati Somali Milliy armiyasini qayta tashkil etish, xavfsizlik tuzilmalarini modernizatsiya qilish hamda terrorizmga qarshi kurashish salohiyatini oshirishga qaratilgan”, — deyiladi bayonotda.
Hujjatda, shuningdek, turk harbiy xizmatchilarining Somaliyadagi saylov jarayonlari yoki ichki siyosiy dinamikada “mutlaqo ishtirok etmasligi” alohida qayd etilgan.
Turkiya tomoni Somaliyada demokratik jarayonlarning tinch yo‘l bilan davom etishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi hamda mamlakat suvereniteti, shuningdek, Somali xalqining irodasini to‘liq hurmat qilishini bildirdi.



















