Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Hindistonning eng ko‘p aholi yashaydigan Uttar-Pradesh shtatining ko‘plab hududlarida chorshanba kuni kuchli bo‘ron, yomg‘ir va do‘l kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida 89 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Mart va iyun oylaridagi issiq mavsum davomida, musson yomg‘irlari boshlanishidan oldin Hindiston shimolida bunday kuchli bo‘ronlar tez-tez sodir bo‘ladi.
Televideniye orqali namoyish etilgan tasvirlarda shamol ta’sirida daraxtlar va reklama bannerlari ildizi bilan qulab tushgani, ayrimlari avtomobillar ustiga ag‘darilgani ko‘rindi. Shuningdek, chang va vayronalar orasida yo‘l bo‘yidagi savdo rastalaridagi yog‘och buyumlar ham uchib ketgani kuzatildi.
Ismi oshkor etilmagan bir rasmiy matbuotga bergan bayonotida: “Bo‘ron, chaqmoq va kuchli yomg‘ir kabi ob-havo hodisalari sabab taxminan 89 kishi halok bo‘ldi,” dedi.
Davlat favqulodda yordam xizmati vakili Reuters agentligiga bergan ma’lumotida, ayrim o‘lim holatlari daraxtlar va uy devorlarining qulab tushishi oqibatida yuz berganini bildirdi. Qutqaruv ishlari haqida esa batafsil ma’lumot berilmadi.
Politsiya payshanba kuni X platformasida e’lon qilgan bayonotida: “Ma’muriy idoralardan tashkil topgan guruhlar tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarni doimiy ravishda kuzatmoqda,” deyiladi.
Boshqa tomondan, poytaxt Yangi Dehlining ayrim hududlarida ham yomg‘ir yog‘di. Bu esa Indira Gandi xalqaro aeroportidagi parvozlar harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

















