Eronning eng yuqori xavfsizlik organi dushanba kuni (18.05.2026) Tehron tomonidan amalda yopib qo‘yilgan va kemalardan o‘tish uchun to‘lov talab qilmoqchi bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarish uchun yangi muassasa tashkil etilganini ma’lum qildi.
Eronning Oliy Milliy xavfsizlik kengashi o‘zining rasmiy «X» sahifasida «Persian Gulf Strait Authority» (PGSA) nomli tuzilma haqida post joylashtirib, bu tashkilot «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amaliyotlari va bo‘g‘ozdagi oxirgi vaziyatlar haqida ma’lumot berib turishini» bildirdi.
Inqilobiy Gvardiya dengiz kuchlari hisobi ham xuddi shu postni bo‘lishdi.
Yangi tashkilotning aniq vazifalari dastlab noma’lum edi ammo Eronning ingliz tilida efirga uzatiladigan Press TV kanali bu tuzilma Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan «mustaqil nazorat tizimi» ekani va bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalarga info@pgsa.ir manzili orqali «tartib - qoidalar» yuborilganini xabar qildi.
Eron 28 - fevral kuni AQSh va Isroil bilan urush boshlanganidan beri strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘g‘oz orqali dengiz harakatini ancha cheklab qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, 8 - apreldan buyon esa zaif bo‘lsa ham otashkesim kuchi davom etmoqda.
Eronning ushbu suv yo‘li nazorati global bozorlarga kuchli ta’sir ko‘rsatib, Tehron uchun katta strategik ustunlik yaratdi. Bunga javoban AQSh, Eron portlariga nisbatan o‘z dengiz blokadasini qo‘lladi.
Tinchlik davrida ushbu yo‘nalish orqali dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvlarining qariyb beshdan biri, shuningdek o‘g‘it kabi boshqa muhim xomashyo mahsulotlari o‘tar edi.
Urush boshlanganidan beri Eron, «bo‘g‘oz orqali yo‘lga qo‘yilgan dengiz qatnovi urushdan oldingi holatga qaytmasligini» bir necha bor ta’kidladi va o‘tgan oy ushbu suv yo‘lidan olingan ilk tranzit to‘lovi daromadini qo‘lga kiritganini ma’lum qilgan edi.
Shanba kuni Eron parlamentining milliy xavfsizlik komissiyasi raisi Ibrohim Aziziy, Eron bo‘g‘ozdagi harakatni boshqarish uchun «professional mexanizm tayyorlagani» va bu tizim «yaqin orada e’lon qilinishini» bildirgan edi.















